Jahon | 10:35 / 21.09.2016
6043
2 daqiqa o‘qiladi

Fransua Olland BMT Xavfsizlik kengashi "ahmoqlar teatri" bo‘lmasligi kerakligini aytdi

Fransiya prezidenti Fransua Olland Suriyadagi tinchlikka amal qilish va kimyoviy qurollarni qo‘llayotganlarni zudlik bilan jazolash zarurligini aytdi. Olland shuningdek Suriya inqirozi bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashini zudlik bilan chaqirtirishni talab qildi va Suriya hukumatini mamlakatda tinchlikka amal qilinishining barbod bo‘lishida aybladi.

"Xavfsizlik kengashi iloji boricha tezroq yig‘ilishi kerak. U ahmoqlar teatri yoki o‘zgacha aytganda, har kim javobgarlikdan qochadigan joy bo‘lmasligi kerak. Hech kim Xavfsizlik kengashi ishiga xalaqit qilmasligi kerak, ular biz bilan birgalikda yechimni izlashlari lozim", deb aytdi Olland. 

Olland xalqaro hamjamiyat qabul qilingan qarorlarga ko‘ra tinchlikka amal qilinishiga erishishi lozimligi, Halab va Suriyaning boshqa shaharlariga gumanitar yordam iloji boricha tezroq yuborilishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi. 

"Biz qabul qilingan qarorlarga ko‘ra tinchlikka amal qilinishiga majbur qilishimiz kerak. So‘ngra Halab va Suriyaning boshqa aziyat chekayotgan shaharlariga gumanitar yordamni zudlik bilan yuborish lozim. Biz shuningdek 2012 yilda belgilangan siyosiy tamoyillarga muvofiq siyosiy muzokaralar qayta boshlanishiga erishishimiz darkor. Biz kimyoviy qurollarni ishlayotganlarni jazolashimiz lozim – bu adolat masalasidir", deb aytdi Olland.