Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi BMTga YeXHT ustidan shikoyat qildi
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha byurosi 2010 yilda Qirg‘izistonda millatlararo tartibsizliklarni tashkillashtirishda sirtdan aybdor deb topilgan Qodirjon Botirovga nutq so‘zlash uchun imkoniyat berganini Qirg‘iziston xalqiga bildirilgan "o‘ta hurmatsizlik belgisi" deb atadi. Vazir bunday bayonot bilan BMT Bosh assambleyasidagi umumsiyosiy muhokamada chiqdi.
"Biz byuroning bu xatti-harakatlarini nafaqat Qirg‘iziston sud tizimiga, balki butun Qirg‘iziston xalqiga o‘ta hurmatsizlik belgisi deb hisoblaymiz. Biz buni asl demokratiyani qurishdagi mashaqqatli va murakkab yo‘ldan ketayotgan Qirg‘izistonga nisbatan chaqiriq deb baholaymiz", deb aytdi Abdildayev.
Uning aytishicha, byuroning yig‘ilishlari bu tariqa o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan jinoiy elementlar ham gapirish huquqiga ega bo‘ladigan maydonchaga aylanib qoladi. "Agar bugungi kunda byuro Qirg‘iziston va boshqa davlatlarga bunday munosabatda bo‘lsa, unda uning bo‘lg‘usi tadbirlarida insoniyatga qarshi butun dunyoni dahshatga solgan jinoyatlar botqog‘iga botgan IShID terrorchilari vakillari ham ishtirok etadi", deb ogohlantirdi vazir.
Abdildayev Qirg‘iziston "YeXHTning demokratik qadriyatlarini to‘liq hurmat qilishi va amalga oshirishini", biroq ikkilik standartlari va "bu tashkilotning mustaqil davlatlarning ichki ishlariga aralashish va ig‘volar institutiga aylanishiga" qarshi ekanligini aytdi.
Qirg‘izistonda o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasidagi millatlararo to‘qnashuvlar Qirg‘izistonning ikki janubiy viloyatida 2010 yilning iyunida bir necha kun davom etgan. Ixtilof vaqtida deyarli 500 kishi o‘ldirilgan va 2 ming kishi yaralangan. Bundan tashqari, 2 mingta ma'muriy, davlat va xususiy inshootlar vayron qilingan va yoqib yuborilgan. Qirg‘iziston sudi davlat chegaralarini tark etishga muvaffaq bo‘lgan Botirovni sirtdan ixtilofning tashkilotchilaridan biri deb topgan va uni uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum qilgan.
23 sentabrda Qirg‘iziston byuroga ushbu holat yuzasidan rasmiy norozilik bildirdi. Shuningdek, 22 sentabrda Nyu-Yorkda Abdildayevning YeXHT bosh kotibi Lamberto Zanner bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va unda byuroning harakatlaridan norozilik bildirildi.
Mavzuga oid
17:11
Ilon Mask Eronning BMTdagi elchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
17:30 / 14.11.2024
Qirg‘iziston Issiqko‘lni saqlab qolish uchun qo‘shnilarga kamroq suv berishi mumkin
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024