O‘zbekiston | 20:06 / 29.09.2016
5846
3 daqiqa o‘qiladi

Inha universiteti talabalari Janubiy Koreyadagi matematika festivalida ishtirok etishdi

Toshkent shahridagi Inha universiteti(IUT)ning talabalari Janubiy Koreyaning Chedju viloyatida o‘tkazilgan matematika festivalida O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etishdi.

IUT talabalari Muhriddin Ismoilov va Ulug‘bek Abdullayev festivalda “O‘zbekistonda matematika madaniyati” (Math Culture of Uzbekistan) nomli maxsus stend bilan qatnashishdi. Mazkur stend o‘tgan o‘quv yilida IUTda dars bergan  professor Park Jinam tomonidan tayyorlangan edi.

Inha universiteti saytida ma'lum qilinishicha, professor Park Jinam O‘zbekistonning matematika sohasidagi boy merosining katta muxlisi hisoblanadi. O‘zbekistonda ishlagan davrida u arxitektura binolari va ularning qurilish uslublarini diqqat bilan o‘rgandi. Mazkur binolarni qurgan va bezatgan ustalar turli matematik va geometrik shakllardan foydalanishgan. Shuningdek, professor Park 2016-yilning yanvar oyida katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan “Ajoyib matematika” festivalining tashabbuskorlaridan biri edi.

Qayd etib o‘tish kerakki, Muhriddin Ismoilov va Ulug‘bek Abdullayev o‘qishdagi a'lo baholari hamda “Ajoyib matematika” festivalida ko‘ngillilar sifatida qatnashib, Chedju viloyatida tashkil etiladigan tadbirda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishgan edi.

IUT talabalari O‘zbekistondagi tarixiy va zamonaviy binolarning suratlarini tayyorlashdi. Shuningdek, binolarning tarixi va geometrik shakllar to‘g‘risida ma'lumotlar taqdim etildi.

Ulug‘bek Abdullayev qayd etdi: “Festival yuqori saviyada o‘tdi. Unda turli mavzularni qamrab olgan ko‘pgina stendlar taqdim etildi. Bizning stend barchada katta qiziqish uyg‘otdi, buni stendimiz oldida to‘plangan muxlislardan ham bilib olsa bo‘lardik. Ularning orasida o‘qituvchi va professorlar, talabalar, ko‘ngillilar, matematika ishqibozlari va boshqalar bor edi. Ular stendimizda taqdim etilgan O‘zbekistonning madaniy merosiga katta qiziqish bildirishdi”.

“Mazkur festivalda qatnashganim judayam foydali bo‘ldi. Bu yerda yangi insonlar bilan tanishdim va ko‘pgina do‘stlar orttirdim. Shuningdek, matematika bo‘yicha o‘z bilimimni, muomala madaniyatimni yaxshilab, dunyoqarashimni kengaytirib oldim. Mana shunday ixtirochilik va ijodkorlik festivalida qatnashish imkoniyatini yaratib bergani uchun IUTga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, - dedi Abdullayev. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish