Insoniyat kelajagi - butun dunyo bo‘ylab ko‘pchilikni tashvishga soluvchi mavzu. Biz va farzandlarimizni yaqin o‘n yilliklarda nimalar kutmoqda? Zamonamizning yetakchi olimlari bizni oldinda nima kutayotgani haqidagi asosiy savollarga javob berishadi. 

1. Insoniyat Yer tashqarisidan qo‘nim topa oladimi?
                
Martin Ris - ingliz kosmologi va astrofizigi:

Yerni tark etishga urinishning hech qanday yaxshi tomoni yo‘q. Uning o‘rniga diqqatimizni shu yerda, bizning sayyoramizdagi dunyo muammolarini hal qilishga qaratsak, foydadan xoli bo‘lmasdi. Biroq hozirdanoq yaqin yuz yillikda xususiy investitsiyalar evaziga Mars va Quyosh tizimidagi boshqa burchaklarni isloh qilishga urinuvchi sarguzasht ishqibozlaridan iborat guruhlar paydo bo‘lishiga ishora qilinmoqda. 

2. Qachon va qayerda o‘zga sayyoradagi hayotni topish mumkin?

Kerol Kliland - falsafa fanlari professori va Korlorado shtati Universiteti qoshidagi Astrobiologiya markazi tadqiqotchisi

Agar Mars sayyorasida mikrob hayot bo‘lsa, biz uni yaqin 20 yil ichida topishimiz mumkin. Biroq u shakliga ko‘ra Yerga yetarlicha o‘xshash bo‘lishi kerak. Agar o‘zga sayyoradagi hayot biz o‘rgangan hayotdan katta farq qilsa, uni topish ancha qiyin bo‘ladi. Qizil sayyorada qolgan hayot, ehtimol,  bizning robotlar yetishi qiyin bo‘lgan joylardadir. Saturnning yo‘ldoshi bo‘lgan Titan Quyosh tizimidagi eng ko‘p narsa va'da qiluvchi joy bo‘lishi mumkin. Bu yo‘ldosh organik molekulalarga boy, lekin suyuq suvga ega emas, u favqulodda past harorati bilan tanilgan. U yerda hayot mavjud bo‘lgan taqdirda ham, Yerdagidan sezilarli ravishda farq qiladigan bo‘ladi. 

3. Bir kun kelib olimlar tanamizdagi barcha to‘qimalarni sun'iy to‘qimaga aylantira oladimi?

Robert Lenger - Massachusets texnologiya instituti qoshidagi Devid Kox Instituti professori

1995 yilda men va hamkasbim sun'iy to‘qimalar, organlar va hattoki ko‘zi ojiz kishilarga ko‘rish imkonini beruvchi elektronika yaratishdagi yutuqlar haqida maqola yozgandik. Bugunga kelib, bularning barchasi joriy mahsulotlar ko‘rinishida amalga oshirilgan. Shunday ekan, yaqin yuz yil ichida inson tanasidagi har qanday to‘qimani shunga o‘xshash yoki aynan shunday namunalarga almashtirishning uddasidan chiqamiz. Hozirgi vaqtda biz uchun eng katta qiyinchilik - bugunga qadar yaxshi o‘rganilmagan miya to‘qimalarining yaratilishi va regeneratsiyasi.