Idoralararo muhokama qilinayotgan hukumat qarori loyihasida ko‘ra, Toshkentdagi Botanika bog‘i O‘zFA ixtiyoridan shahar hokimiyati huzuridagi direksiyaga berilishi ko‘zda tutilgan edi.

Jamoatchilikning e’tirozlaridan so‘ng Botanika bog‘i istirohat bog‘iga aylantirilmaydigan bo‘ldi. Bunga qadar Oliy Majlis Senati, Ekopartiya, faol jamoatchilik hamda olimlar bu qarorning salbiy oqibatlardan xavotir bildirishdi.

Ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Botanika instituti balansida bo‘lgan Botanika bog‘ining hokimiyat tasarrufiga o‘tkazilishi haqidagi xabarlar tarmoqlarda katta muhokamalarga, o‘z o‘rnida e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ular qatorida o‘z xavotirlarini bildirayotgan bir qancha olimlar va jamoatchilik faollari Kun.uz muxbiriga bu qaror qanday oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida gapirib berdi.

“Toshkentdagi yashillikdan iqtisodiy manfaatlarda foydalanish noto‘g‘ri”

Botanika instituti direktori Komiljon Tojiboyevning aytishicha, hozirda urbanizatsiya darajasining ortishi, yirik shaharlarning kengayib borishi Botanika bog‘iga o‘xshagan obektlarga bo‘lgan "hujum"larni ko‘paytiryapti. Bu birgina O‘zbekistonda emas, Markaziy Osiyo, MDH davlatlarining yirik shaharlaridagi Botanika bog‘lari uchun ham doim stress bo‘lib kelgan.

“Nima uchun Botanika bog‘ining ilmiy, madaniy-ma’rifiy, xo‘jalik faoliyatini ilmga ixtisoslashgan tuzilmalardan tashqariga chiqarib bo‘lmaydi? U xoh davlatniki, xoh xususiy sektorniki bo‘lsin, albatta, ilmiy tuzilma tasarrufida bo‘lishi lozim. Nimaga? Chunki bu holat xalqaro standartlarda tasdiqlangan 3 ta asosiy vazifaning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Mana shu 3 ta vazifa bog‘ning Botanika bog‘i sifatidagi maqomini saqlab turadi.

Birinchisi bu – ilm. Botanika bog‘i mahalliy yoki introduksiya qilingan, ya’ni o‘zga hududlardan olib kelingan o‘simliklar ustida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan obekt bo‘lishi lozim. O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo miqyosida oladigan bo‘lsak, bog‘ bu hududning florasini saqlab qolish, undan oqilona foydalanishni ilmiy asoslab berishga hamda turli o‘simlik guruhlarining xususiyatlariga ixtisoslashtirib, jonli kolleksiya tashkil etish, shu kolleksiyalar asosida ilmiy faoliyat olib borishga xizmat qiladi.  

Ikkinchisi bu – muhofaza. Birinchi vazifadan kelib chiqqan holda flora dunyosini himoya qilish muhim. Ya’ni bunda e’tibor kamyob, yo‘qolib borayotgan, xalqaro yoki mamlakatning qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklar, antropogen, iqtisodiy-ijtimoiy, iqlim o‘zgarishi yoki boshqa biologik sabablar bilan bog‘liq holatda kamayib ketayotgan o‘simlik turlarini tabiatdan ajratib olgan holda ularni muhofaza qilishga qaratiladi. Hozirgi kunda Botanika bog‘lariga reintroduksiya vazifasi ham yuklatilmoqda. Buning ma’nosi – yo‘qolib ketayotgan o‘simliklarni ekib, o‘stirib, ko‘paytirib, uning biologik xususiyatlarini o‘rganib, tabiatga qaytarishdir. O‘zbekistonda bu funksiyani biror tuzilma bajarmaydi, bajarolmaydi ham. Chunki bunga katta imkoniyat va salohiyat kerak.