Sport | 10:42 / 05.10.2016
8335
2 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu o‘g‘lining ilk uchrashuvida bol-boy vazifasini bajardi

«Real»ning portugaliyalik hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘z o‘g‘lining «Posuelo-de-Alarkon» jamoasi safidagi ilk uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda Goal.com xabar berdi.

8 yoshgacha bo‘lgan bolalardan tarkib topgan «Posuelo-de-Alarkon» va «Karraskal» jamoalari uchrashuvi Ispaniya bolalar chempionatining to‘rtinchi divizioni doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu Krishtianu Ronalduning o‘g‘li uchun debyut edi. U ilk uchrashuvida gol urib, g‘alabaga hissasini qo‘shdi. U o‘z golini otasi uslubida nishonlagan.

Ronaldu o‘yinni darvoza ortida kuzatgan. Voqea joyida olingan videoda 31 yoshli futbolchi bir necha marta maydon tashqarisida yugurib, uzoqqa ketib qolgan to‘pni olib kelib berayotganini ko‘rish mumkin.

Ma'lumot uchun, Krishtianu Ronaldu 2010 yilning 17 iyun kuni ota bo‘lgan edi. Matbuotda kichik Krishtianu surrogat onadan tug‘ilgani aytilgan edi.