Light | 19:51 / 15.10.2016
99470
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng xavfsiz 10 mamlakati

Har kuni oynai jahon orqali dunyoning turli mamlakatlarida ro‘y berayotgan dahshatli va ayanchli yangiliklardan xabardor bo‘lamiz. Bugungi kunda sayohatlarni ehtiyot bo‘lib rejalashtirgan ma'qul, hozir munosib dam olish o‘rniga biror bir muammoga yo‘liqish xavfi juda baland. Aynan shu maqsadda Iqtisodiyot va tinchlik instituti mustaqil tashkiloti har yili dunyoning nisbatan eng xavfsiz mamlakatlari ro‘yxatini tuzadi. Don't panic nashri ana shu mamlakatlar reytingini taqdim etdi.

Sloveniya

Oxirgi 10-o‘rinda Sloveniya mamlakati qayd qilingan. Kichik ichki nizolar davlatni politsiyadan ko‘proq foydalanishga majbur qilmoqda, bu esa sayyohlarga o‘zlarini nisbatan xavfsiz his qilishlariga imkon beradi. 

Yaponiya

Sobiq Osiyo yo‘lbarsining hozirda dunyoning eng tinch va xavfsiz mamlakatlaridan biri hisoblanishiga ishonish qiyin. Qotillikning kam sodir bo‘lishi, qurol olib yurishga nisbatan joriy qilingan taqiq va yaponlarning tug‘ma xotirjamligi bu mamlakatni xorijiy sayyohlar uchun eng qulay maskanlardan biriga aylantiradi. 

Kanada

Kanada, hoynahoy, huquqbuzarliklar sodir etish uchun haddan ziyod sovuqlik qilsa kerak. Bu katta, kuchli va ishonchli davlat tinch yashash va o‘z xohishiga ko‘ra daraxt chopishni istovchilar uchun mos keladi. 

Shveytsariya

Tashqi siyosatdagi betaraflik Shveytsariyaning sayyoraning eng tinch mamlakatlaridan biri sifatida e'tirof etilishiga sabab bo‘ldi. Bu yerda yaxshi yashash uchun shunchaki jinoyatga qo‘l urmay, ishlasangiz bas.

Chexiya

Chexiya asta-sekinlik bilan, lekin to‘g‘ri yo‘nalishda yaxshi hayot sari ildamlamoqda. Sayyohlarning ko‘pligi politsiya va maxsus xizmatlarni sergak qiladi: bu yerda ba'zi mamlakatlarga nisbatan kamroq jinoyat sodir etiladi va shu bois u sayohat uchun qulay o‘lka hisoblanadi. 

Portugaliya

Condé Nast Traveler kompaniyasi bu yil Lissabonni "Yevropaning eng qadrlanmagan" shahri sifatida baholadi. Haqiqatdan ham bu yerga keluvchi sayyohlar soni u qadar ko‘p emas, lekin bu diyorga tashrif buyurmagan inson ko‘p narsani yo‘qotadi: Portugaliyaning go‘zal manzarasi Lissabonning tinch ko‘chalari bilan uyg‘unlikda bu o‘lkani tanlab, adashmaganingizni tasdiqlaydi. 

Yangi Zelandiya

O‘z hayotini tubdan o‘zgartirishni istaganlar aynan shu mamlakatni tanlaydi. Jinoyatchilikning past darajada ekanligi, hashamatli sohillar va giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarning yo‘qligi - Yangi Zelandiyani baxtga yetaklovchi o‘lka sifatida namoyon qiladi. 

Avstriya

Robert Frost "yaxshi qo‘shnilar yaxshi to‘siqlar tufaylidir", deb yozgan va bu ta'kid davlatlar darajasida to‘liq ish beradi. Chexiya (Yevropa fohishabozlik va giyohvand moddalar savdosi markazi) va Germaniya (muhojirlar muammosi) bilan chegaralar Avstriyadagi vaziyatga hech qanday ta'sir o‘tkazmadi. 

Daniya

Daniya dunyoning eng baxtli mamlakatlari qatoridan o‘rin olgandi, endi esa u eng xavfsiz davlatlardan biri deya tan olindi. Ko‘p yillar davomidagi eng jiddiy mojaro Kanada bilan hududiy bahs bo‘ldi - ular kimsasiz orolga egalik qilish huquqi borasida talashib qolishdi. Bu yerda jinoyatchilik deyarli sodir etilmaydi. 

Islandiya

Mana, olti yildirki, dunyo miqyosida xavfsizlik indeksi bo‘yicha birinchi o‘rinni Islandiya egallab kelmoqda. Bu mamlakatning boshqa davlatlar bilan hududiy kelishmovchiliklari yo‘q, aholi orasida qotillik deyarli kuzatilmaydi, terrorchilik harakatlar haqida esa faqat internetda o‘qishadi. 

Suratlar: dnpmag.com

Mavzuga oid