21:56 / 23.10.2016
17925

Smartfonlarning batareyalari nega portlaydi?

Yangi avlod smartfonlarning supersig‘imli batareyalari aksariyat ishlab chiqaruvchilarning faxrlanishiga sabab bo‘lib, marketingdagi muhim ustunlik hisoblanadi. Biroq aslida bunday akkumulyatorlarda yashirin tahdid mavjud - so‘nggi paytlarda telefon batareyalarining portlash holatlari ko‘payib bormoqda, bundan hech kim "sug‘urtalanmagan". Trendymen.ru batareyalar nima uchun portlashi hamda qanday qilib buning oldini olish mumkinligi haqida ma'lumot berdi. 

Foto: trendymen.ru

Akkumulyator nima?

Batareyalar kimyoviy energiyaga mo‘ljallangan kichik konteynerlar hisoblanadi. Akkumulyatorning ishlash tamoyili elektronlarning salbiy anoddan katodga o‘tishiga asoslanadi. Batareya zaryadlanganidan keyin smartfon ishlashi uchun energiya beruvchi elektronlarning harakatlanish jarayoni boshlanadi. Bu jarayon batareya ichidagi barcha elektronlar anoddan katodga o‘tib olmagunicha davom etadi. 

Foto: trendymen.ru

Batareya nimadan yasalgan?

Odatiy batareyalarning ichida ijobiy ionlar harakati amalga oshuvchi kimyoviy muhit - anod, katod va elektrolit mavjud. Aksariyat smartfon va planshetlarda qo‘llanuvchi litiy-ion batareyalar o‘zida kobalt, nikel, marganets, grafit, shuningdek elektrolitning litiy tuzlari kabi moddalarni mujassam qilgan. Akkumulyator faoliyatining kimyoviy asosi - ijobiy ionlarning muntazam ravishda elektrolitlar orqali salbiy qutbdan ijobiy tomonga harakatlanish jarayoni. Shu tufayli batareya faol ishlash vaqtida akkumulyator ichidagi kimyoviy jarayonlar hisobiga haddan ziyod qizib ketishi mumkin.

Foto: trendymen.ru

Nima uchun batareyalar tez tugab qoladi?

Batareyaning ishlash tamoyili oddiy bo‘lishi mumkin, lekin buning uchun kerak bo‘ladigan texnologiyalar u qadar oddiy emas. Batareyalarning ishlash vaqtini cheklovchi asosiy omil energiya zichligi hisoblanadi. Akkumulyatorning kimyoviy komponentlari qancha energiya to‘plasa, u shuncha elektr energiyasini ishlab chiqarishi mumkin. Batareya ichidagi nofaol materiallar - "o‘lik yuk" hisoblanadi. Batareya korpusi, nazoratchi chiplar va simlar shular jumlasidandir. Ular akkumulyatorlarga vazn qo‘shadi, ammo uning samardorligini oshirmaydi. Zamonaviy texnologiyalarni inobatga olganda, smartfon batareyasining xizmat vaqtini uzaytirishning yagona usuli - smartfon elektronikasining energetik samaradorligini oshirish va batareya hajmini kattalashtirish hisoblanadi, lekin yengillik tendensiyasi ishlab chiqaruvchilarni zaryadsiz bir kundan ortiq ishlay olmaydigan ingichka batareyalarni qo‘llashga majbur qiladi.

Foto: trendymen.ru

Nima uchun ma'lum muddat o‘tgach, akkumulyatorlar buziladi?

Smartfon "hayoti"da batareyalarning xizmat qilish muddati doimiy bo‘lmaydi - u har bir zaryadlash jarayoni amalga oshirilgani sari asta-sekinlik bilan kamayib boradi. Kimyoviy reaksiyalar litiy miqdorining kamayishi hisobiga batareyaning ichki qarshiligini oshirib boradi. Buning natijasida akkumulyator borgan sari qisqaroq vaqt davomida ish beradi. Qarshilik qancha yuqori bo‘lsa, akkumulyator faoliyati shuncha qiyinlashadi. 

Foto: trendymen.ru

Nima uchun ba'zi akkumulyatorlar portlaydi?

Litiy elementlarga nisbatan yuqori zichlikka ega bo‘lgan batareyalar ishlab chiqarildi, biroq ular portativ elektronikada qo‘llash uchun yetarlicha xavfsiz hisoblanmaydi. Oddiy qilib aytganda, batareyaning energetik salohiyati qancha yuqori bo‘lsa, uning ichidagi kimyoviy jarayonlar shunchalik xavfli bo‘ladi. Odatda bu smartfonning ishlash vaqtida qizib ketishi, shuningdek akkumulyator ichida kimyoviy birikmalarning buzilish jarayoniga olib keladi, bu esa qurilmaning portlashiga sabab bo‘lishi mumkin. Tasavvur qilib ko‘ring, ana shunday yonish jarayoni batareya korpusi hisoblangan germetik quti ichida sodir bo‘lmoqda. Ortiqcha bosim portlashga olib keladi, u insonga ziyon yetkazadigan darajada xavfli bo‘lishi ham mumkin. Qurilma ichidagi sifatsiz payvandlash ishlari va oksidlanish jarayonlari ham portlashga sabab bo‘ladi. 

Foto: trendymen.ru

Akkumulyator uzoqroq xizmat qilishi uchun nima qilish kerak?

Batareyaning xizmat qilish muddatini uzaytirish yo‘llari bor. Batareya ichidagi kimyoviy reaksiya xususiyati jarayonlarning 20-80 foiz zaryadlanish intervalida yuqori samaraga erishishini ko‘zda tutadi. Smartfonni doim kam zaryadlangan holatda yoki aksincha, muntazam ravishda zaryad uskunasiga ulangangan holatda ishlatish akkumulyatorni tezda hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan kimyoviy moddalar majmuiga aylantiradi.

Foto: trendymen.ru

Endi nima bo‘ladi?

Yaqin istiqboldagi litiy-ion texnologiyalari ularning nazariy chegaralariga yaqinlashadi, bu batareyalarning quvvati zichligini oshirishga imkon beradi. Hozircha gap yangi texnologiyalar haqida emas, faqat akkumulyator tuzilmasini optimallashtirish haqida bormoqda. Shu bois portlovchi batareyalar oldidagi qo‘rquvni zamonaviy texnologiyalarning kamchiliklariga qo‘shish mumkin. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llab, ularning yonish va portlash xavfini minimal darajaga tushirishga faqatgina sifatli materiallar va aniq yig‘ilgan to‘plam orqali erishish mumkin. 

 

Mavzuga oid
Top