Jamiyat | 20:53 / 30.10.2016
20110
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda metroning Yunusobod yo‘nalishining qolgan qismi qurilishi boshlandi

Toshkentda metroning Yunusobod yo‘nalishining qolgan qismi qurilishi boshlandi, deb xabar bermoqda "Sputnik Uzbekistan".

Metro qurilishida ishtirok etayotgan pudratchining ma'lum qilishicha, stansiyalardan biri Yunusobod dehqon bozori oldida, ikkinchisi esa bir kilometrcha uzoqlikda, xalq orasida "Petushok" deb nomlanuvchi joyda joylashadi. 

Ahmad Donish ko‘chasi bo‘ylab yanada pastroqda, "Uch qahramon" buyum bozori yonida metro poyezdlari uchun garaj yoki hattoki depo quriladi. Quruvchilarning taxminicha, hech qanday to‘sqinlik bo‘lmasligi uchun buyum bozorini olib tashlashga to‘g‘ri keladi.

Kommunalchilar qurilishga xalaqit qiluvchi daraxtlarni olib tashlashni boshlashdi. Keyinroq daraxtlardan tozalangan hudud hisobiga yo‘l kengaytiriladi. 

"Daraxtlarni chopib tashlashga to‘g‘ri kelinayotgani afsuslanarlidir, biroq quruvchilar keyin bu yerda yo‘lni xiyobon hisobiga kengaytira oladilar. Bu tor ko‘chalarga ega Yunusobodning gavjum mavzelari uchun juda dolzarbdir. Bu yerdagi tirbandliklar barchani qiynab yubordi. Shuning uchun metro qurilishi bilan hukumat erkin va qulay harakatlanish bilan bog‘liq bu yerdagi anchagina muammolarni ham hal qiladi", deb aytdi kommunal brigada boshlig‘i.

Quruvchilardan birortasi qurilishning yakunlanishi muddatlarini ayta olmadi. Kimdir obekt keyingi yilning bahoriga, Navro‘z bayramiga topshirilishi mumkinligi taxminini bildirdi. 

Eslatib o‘tamiz, sentabr o‘rtalarida O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tegishli vazirlik va boshqarmalar rahbarlariga yaqin fursatda metroning Yunusobod yo‘nalishining "Fayzulla Xo‘jayev" va "Yunusobod" deb nomlangan stansiyalari qurilishini yakunlash hamda metroning yangi yer osti va yer usti yo‘nalishlari qurilishini loyihalashga taalluqli barcha masalalarni hal qilishni buyurgan edi.  

 

Mavzuga oid