Gawker sayti amerikalik aktyorga 31 mln dollar tovon puli to‘laydigan bo‘ldi
Gawker onlayn-servisi taniqli amerikalik aktyor, restler Xalk Xoganga shaxsiy hayotga aralashish bilan bog‘liq ko‘p yillik bahsni hal qilish doirasida 31 mln dollar to‘lab beradi, deb xabar bermoqda Assoshieyted Press axborot agentligi.
Turli shov-shuvlarni tarqatishga ixtisoslashgan sayt iyunda mart oyida sud sayt tahririyatiga Xoganga 140 mln dollar to‘lab berish majburiyatini qo‘ygandan keyin, sudga o‘zining bankrotga uchragani haqida da'vo arizasi topshirdi. Bu jarima saytga Xogan ishtirokidagi shahvoniy mazmundagi videoning saytda chop etilishi tufayli belgilangandi. Avgust oyida Gawker sayti o‘z faoliyatini to‘xtatgani ma'lum bo‘lgandi.
2 noyabrda portal asoschisi Nik Denton bahsga nuqta qo‘yilganini aytdi. Xogan bilan bahsni hal qilish doirasida aktyor Gawker.com’ning sotilishidan olinadigan mablag‘dan 45 foizini oladigan bo‘ldi. Dentonning ma'lum qilishicha, bahsni hal qilish doirasida uchta material, jumladan Xogan bilan bog‘liq bir video saytdan o‘chirib tashlanadigan bo‘ldi. Sayt yopilgan bo‘lsa-da, portalning arxiviga onlayn kirish mumkin.
Xalk Xogan taxallusi bilan ma'lum bo‘lgan Terri Bolea restling sporti tarixidagi eng yaxshi restlerdan biri hisoblanadi. U 1984 yildan 1991 yilgacha jahon chempioni unvonini o‘zida saqlab kelgan. 1994 yilda u steroidlar qabul qilishda ayblangandan so‘ng sportni tashlab ketishga majbur bo‘lgan, biroq 5 yildan keyin yana musobaqalarda qatnashishni boshlagan.