Iroqda navbatdagi portlashlar ro‘y berdi, qurbonlar soni 11 kishi
Iroqning Tikrit va Samarra shaharlarida 2 xudkush terrorchi portlashlar sodir etdi. Bu hujumlar oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan.
Mamlakatning sobiq rahbari Saddam Husaynning ona shahri hisoblanmish Tikrit shahrida (Bag‘doddan 160 km shimolda) xudkush terrorchi tez tibbiy yordam mashinasi orqali hujum qilgan. Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, bu portlash 9 kishini hayotdan olib ketgan.
Samarradagi hujum esa shia ziyoratchilariga qarshi qaratilgandi. Terrorchi o‘zini portlatishi oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan.
Iroqdagi harbiy harakatlar 3 hafta oldin yangi bosqichga chiqqandi. Mamlakat armiyasi Mo‘sul shahrini IShIDdan ozod qilish bo‘yicha keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi.
Aholisining aksar qismi sunniylar bo‘lgan bu shahar 2 yildan buyon IShID jangarilari nazorati ostida qolmoqda.