Jahon | 22:53 / 06.11.2016
9200
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Klinton maxfiy hujjatlarni uy xizmatkoriga chop etishni ishonib topshirgan

Foto: © EPA

AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Xillari Klinton AQSh davlat kotibi bo‘lib ishlaganda muntazam ravishda uyidagi xizmatkoridan maxfiy hujjatlarni printerdan chiqarib berishni iltimos qilib kelgan, deb ma'lum qildi Federal qidiruvlar byurosi tergoviga iqtibos keltirgan holda Fox News telekanali.  

FQB tergovidan ko‘chirmada ko‘rsatilishicha, Klintonning Vashingtondagi uyida ishlagan uy xizmatkori Marina Santos maxsus ruxsatga ega bo‘lmay turib maxfiy hujjatlarni chop etib bergan. Jumladan, Klinton davlat departamentidagi yuqori lavozimdagi yordamchilaridan davlat xavfsizligi jihatidan juda nozik bo‘lgan hujjatlarni elektron ko‘rinishda olgan va ularni chop etib berish uchun Santosga jo‘natgan, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi. 

Santos chop etgan hujjatlar orasida Klintonning nutqlari qoralamalari, maxfiy eslatmalar va axborotlar, Klinton uchun xorijiy davlatlar rahbarlari bilan telefon suhbati uchun tayyorlangan materiallar bo‘lgan.

"Iltimos, Marina menga aytganlarimni chop etib berishini ayt", deb aytilgan Klintonning yordamchisi Xuma Abedinga yuborilgan maktubida. Ma'lum qilinishicha, gap 2011 yildagi hujjatlar haqida bo‘lib, ular maxfiy yorlig‘i bilan belgilanmagan bo‘lsa-da, biroq chekli sondagi odamlar uchun mo‘ljallangan xizmat axboroti bo‘lgan. 

Telekanalning ta'kidlashicha, Klinton filippinlik muhojir xizmatkori Santosga davlat sirlarini ishonib topshirish mumkin deb hisoblagan, bu esa uning yanada tanqid qilinishiga sabab bo‘ladi.

5 noyabrda, shuningdek, Klinton AQSh davlat kotibi bo‘lgan kezlarda Oq uy xodimlaridan olgan maxfiy axborot saqlangan maktublarni qizi Chelsiga yuborgani ma'lum qilindi.    

 

Mavzuga oid