Sport | 12:30 / 19.11.2016
4000
2 daqiqa o‘qiladi

Ekvador futbol federatsiyasining sobiq rahbari korrupsiya ishi bo‘yicha 10 yilga qamaldi

Ekvador futbol federatsiyasining sobiq rahbari Luis Chiriboga FIFAdagi korrupsiya ishi bo‘yicha aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Ekvador prokuraturasi bayonotiga iqtibos keltirgan holda "Frans Press" axborot agentligi xabar bermoqda. 

Chiriboga Ekvador futbol federatsiyasida pul yuvishda aybdor deb topilgan. Ma'lum qilinishicha, u 1998 yildan 2016 yilgacha "o‘zining lavozimidan foydalanib, federatsiyaga kelayotgan pullarni yashirgan".

Shuningdek, federatsiyaning g‘aznachisi Ugo Mora ham 10 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan. Federatsiyaning sobiq hisobchisi Pero Veraga jinoyatda ishtirok etgani uchun 3 yilu 4 oylik qamoq jazosi tayinlangan. 

2015 yil yanvarda Chiriboga o‘z lavozimiga 4-muddatga qayta saylangandi. O‘tgan yil dekabrida mamlakat hukumati FIFAdagi noqonuniy firibgarliklarga aloqadorligi sababli uni hibsga olishga order bergan. Shundan keyin Chiriboga Ekvador politsiyasiga ko‘ngilli ravishda taslim bo‘lgan. 2016 yil mart oyida Chiriboga o‘z lavozimini tark etgan.

Manba: tribuna.uz

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish