Ispaniyalik milliarder ona qishlog‘i aholisiga katta meros qoldirdi
2016 yilning avgust oyida 98 yoshida vafot etgan milliarder Antonino Fernandes o‘zi tug‘ilib o‘sgan Serecales del Kondado qishlog‘i aholisiga 210 mln dollar meros qoldirdi. Bu xaqda The Telegraph nashri xabar beradi.
Nashrning ma'lum qilishicha, hozirda Ispaniyadagi bu mitti qishloqda 80 nafar odam yashaydi. Bundan esa qishloqning har bir odamiga 2,6 mln dollardan meros to‘g‘ri kelishi kelib chiqadi.
Antonio Fernandes shu qishloqda 1917 yilda tug‘ilgan. U oilada 13 farzandning biri bo‘lgan. Uning oilasi kambag‘al yashagani sababli u maktabdagi o‘qishini tashlashga majbur bo‘lgan.
Antonio Fernandes 32 yoshida Meksikaga ko‘chib o‘tadi va u yerda Grupo Modelo pivo ishlab chiqarish kompaniyasining omborxonasida o‘z faoliyatini boshlaydi. Keyinchalik u pivo mahsulotlari bozorida Corona brendini eng yirik brendlardan biriga aylantirib, kompaniyaning bosh direktoriga aylangan.