Jahon | 23:47 / 05.12.2016
8983
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda hindular noroziligidan keyin neft quvuri qurilishi to‘xtatildi

Foto: AFP/Scanpix

AQSh hukumati mahalliy hindularning uzoq davom etgan noroziliklari sababli Shimoliy Dakota shtatidan o‘tuvchi neft quvuri qurilishini noma'lum muddatga to‘xtatdi va qurilishning boshqa yo‘nalishlarini ko‘rib chiqmoqchi.

AQSh armiyasi muhandislik korpusi rahbariyatining aytishicha, quvurni yotqazish rejasi qurilishning muqobil yo‘nalishi topilmaguncha to‘xtatildi.  

Norozilar qurilish to‘xtalishiga tantana bilan munosabat bildirishdi va bu holat tub xalqlarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish tarixidagi ramziy on bo‘lganini ta'kidlashdi. Biroq AQShning yangi prezidenti Donald Tramp neft quvuri qurilishining dastlabki rejasini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Quvurning qurilishiga javobgar bo‘lgan Energy Transfer Partners kompaniyasi ishlarning to‘xtatilishidan  norozi bo‘lgan.

Shimoliy Dakota shtatidan Illinoys shtatigacha davom etuvchi 1185 km lik neft quvuri loyihasi 3,7 mlrd dollarga baholanmoqda. Quvurning aksariyat qismi qurib bitkazilgan. Dastlabki rejaga ko‘ra, Dakota va Minnesota shtatlari chegarasida quvur Missisipi daryosidan o‘tishi kerak, aynan shu holat nizo va noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Norozilar quvur daryoni ifloslantirishidan xavotirlanmoqdalar. Hindularning aytishicha, qurilish shuningdek Siu qabilasi marhumlarni dafn qiladigan muqaddas yerlarga ham ta'sir ko‘rsatadi.

 

Mavzuga oid