22:19 / 14.12.2016
25781

Forbes sayyoramizning eng nufuzli shaxslari reytingini e'lon qildi

AQShning Forbes jurnali sayyoramizning 2016 yilgi eng nufuzli shaxslari reytingini ma'lum qildi.

Jurnal talqiniga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin har yili chop etiladigan, sayyoramizning eng nufuzli shaxslari reytingining eng yuqori pog‘onasini ketma-ket 4-marotaba egallamoqda. 

"Rossiya prezidenti o‘z davlati ta'sirini sayyoramizning deyarli har bir burchagigacha kengaytira oldi. Putin vatanida ham, Suriyada ham, AQShdagi prezidentlik saylovlarida ham istaganini qo‘lga kirita oladi. U jahon me'yorlaridan o‘ng‘aysizlanmasdan, oxirgi yillarda o‘z ta'sirini kuchaytira oldi", deb yozmoqda jurnal Putin haqida.

Forbes Rossiya tomonidan go‘yoki AQShdagi prezidentlik saylovlari jarayoniga aralashishga qaratilgan xakerlik hujumlari uyushtirilgani haqida ham eslatib o‘tgan. Bundan tashqari, jurnal Rossiya Donald Trampning AQSh prezidenti bo‘lishiga "qiziqish bildirishini" ta'kidlab o‘tgan.

"Putin istalgan holatda Oq uyga ehtimoliy ittifoqdoshi kirishi bilan, bir necha yillarga nazorat qilib bo‘lmaydigan kuchni qo‘lga kiritadi", deb xulosa yasamoqda jurnal.

Reytingning 2-pog‘onasiga AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp, 3-pog‘onasiga esa Germaniya kansleri Angela Merkel loyiq deb topildi. Undan keyingi pog‘onalarni Xitoy raisi Si Tszinpin (4-pog‘.), Rim papasi Frantsisk (5), AQSh Federal zaxira tizimi rahbari Janet Yyellen (6), Microsoft hamasoschisi Bill Geyts (7), Google hamasoschisi Larri Peyj (8), Hindiston bosh vaziri Narendra Modi (9) va Facebook rahbari Mark Tsukerberg (10) egalladilar.

Avvalroq Financial Time va Time nashrlari Trampni "Yil odami" deb e'tirof etgandi.

 

Mavzuga oid
Top