O‘zbekiston | 19:29 / 16.12.2016
137294
4 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun aynan Abdulla Aripov Bosh vazir bo‘ldi?

Toshkentda 2016 yil 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor.

Xususan, Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Bosh vazirning o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini tavsiya etdi. 

 – Biz bu masala bo‘yicha juda ko‘p o‘ylab, tegishli maslahatlar qildik. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbariyati va faollari bilan ham atroflicha maslahatlashdik, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘tkazilgan muhokamalarda bildirilgan barcha fikr-mulohazalarni e'tiborga olgan holda, men ushbu lavozimga ham amaliy sohada, ham markaziy idoralarda ko‘p yillik boshqaruv tajribasiga ega bo‘lgan, 11 yil davomida Bosh vazirning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini tavsiya etaman. 

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni A.Aripovning tarjimai holi bilan tanishtirdi. Nomzodning kasb malakasi, bilim va tajribasi, insoniy fazilatlari haqida gapirdi. 

“Abdulla Aripovning bevosita xizmat vakolatiga kirmaydigan qo‘shimcha vazifalarni ham topshirib, bu insonni ko‘p marotaba, har tomonlama sinovdan o‘tkazganman. 

Bu kishining yurtimizda bormagan viloyat, shahar yoki tumani, kirmagan dalasi, qurilish, madaniy-maishiy, savdo obektlari qolmagan. Shuning uchun mamlakatimiz hududlaridagi shart-sharoitni, muammo va masalalarni juda yaxshi biladi. Eng asosiysi, borgan va ko‘rgan joyidagi masalani o‘zi mustaqil hal qiladi, agar o‘zi yecholmasa, aniq taklif beradi”, deya aytib o‘tgan Prezident. 

Davlatimiz rahbari A.Aripovning xushmuomalaligi, odamlar bilan til topisha olish qobiliyati, muammo va masalani eshitish hamda negiziga yetib, uning yechimi bo‘yicha adolatli qaror qabul qilish salohiyatini alohida ta'kidlagan. 

Yana bir olijanob xislati – halolligi, odamlarga doimo hurmat bilan qarashi, ularning dardiga darmon bo‘lishga intilishi, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatidir, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

A.Aripov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturi haqida nutq so‘zladi. 

Majlisda so‘zga chiqqanlar Prezidentimizning ma'ruzasida bayon etilgan ustuvor yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tavsiya etilgan A.Aripov nomzodini ma'qulladi. Oliy Majlis palatalari Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Mavzuga oid