Xitoyda 180 kunlik parvoz imitatsiyasiga doir tajriba yakunlandi
Xitoylik olimlar 180 kunlik parvoz imtiatsiyasiga doir tajribaning yakunlangani to‘g‘risida xabar berishdi. Tajriba doirasida 4 nafar ko‘ngillidan iborat ekipaj XXR uzoq kosmosni o‘rganishda qo‘llashni rejalashtirayotgan texnologiyalarni sinovdan o‘tkazib, 180 kun davomida tashqi dunyodan to‘liq izolyatsiya qilindi. Space.com shu haqida ma'lum qildi.
"Boshqa sayyoralarni o‘z uyimizga aylantirish uchun biz avvalo, u yerda qanday kun kechirish - yashash, nafas olish, oziq-ovqat tayyorlash, salomatlikni saqlash mumkinligini o‘rganib chiqishimiz kerak. Bizning tajribamiz aynan shu masalalarni yechishga qaratilgandi", - dedi tadqiqot guruhi rahbari Inxuey Li.
"Mars-500"ning muvaffaqiyati xitoylik olimlarga Guandun provinsiyasida xuddi shunday majmua yaratish fikrini berdi. Uning hajmi 1,4 ming kub metrni tashkil etadi, bu "Mars-500"dan deyarli uch karra katta, maydoni esa 370 kvadrat metrdan iborat. Loyihada xitoylik olimlardan tashqari, Harvard va Germaniya Aerokosmik markazi (DLR) vakillari ishtirok etishdi.
Yangi loyiha majmuasi sakkiz alohida blokka ajratilgan bo‘lib, ularning ma'lum bir qismi ekipaj hayoti uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, boshqalarida oziq-ovqat mahsulotlari va ehtiyot qismlari saqlanadi, yana bir qismi oranjyereya va o‘simliklar ekish uchun ajratilgan. Tajriba qatnashchilarining so‘zlariga ko‘ra, ular majmua ichida 25 xil qishloq xo‘jalik mahsulotini yetishtirishning uddasidan chiqishgan.
Manbaga ko‘ra, tajriba davomida hayotni qo‘llab-quvvatlash tizimlarini tekshirishdan tashqari, xitoylik biologlar va psixologlar ruhiy stress bilan kurashish usullarini ham sinovdan o‘tkazishgan.
Mavzuga oid
18:12 / 24.10.2024
Eksperiment: to‘rt kunlik ish haftasi unumdorlikni oshiradi
23:42 / 27.02.2019
Sportni ommalashtirishda Xitoy tajribasidan foydalaniladi
08:41 / 07.08.2018
To‘rt kunlik ish haftasi nimasi bilan foydali?
22:55 / 30.03.2018