Light | 20:13 / 20.12.2016
13781
6 daqiqa o‘qiladi

"Chegara bilmas shifokorlar": 45 yillik professional va beg‘araz xizmat

Foto: © Spencer Platt/Getty Images

Jahonga mashhur "Chegara bilmas shifkorlar" (fr. Medecins Sans Frontieres (MSF) xalqaro tashkiloti 1971 yilning 20 dekabrida, Nigeriyada davom etayotgan fuqarolik urushi fonida Parij shahrida bir guruh shifokorlar va jurnalistlar tomonidan yaratildi. O‘zining deyarli yarim asrlik xizmati davomida MSF butun dunyodagi muhtojlarga tibbiy va gumanitar yordam ko‘rsatib kelmoqda. TASS agentligi shu haqida ma'lumot bilan ulashdi. 

"Chegara bilmas shifokorlar" mutaxassislari MSF xodimlarining qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani va shifokorlarning qaysi xislatlarga ega bo‘lishi kerakligi haqida so‘z yuritishdi. 

Stressga tayyor turish

MSF'da ishlash mutaxassisning hamma narsaga tayyor turishini ko‘zda tutadi: joy o‘zgartirish, har qanday ob-havo sharoitlari, tinimsiz xizmat ko‘rsatish va butun dunyo kishilari bilan oson muloqotga kirishish. Bu haqida tashkilotning moliyaviy koordinatori Mayya Terenina ma'lumot berdi. 

"Men MSF'ga 1991 yilda, tashkilot endigina Rossiyaga ko‘chib o‘tganda ishga kirdim. Do‘stlarim meni ko‘ngillilar qatorida xizmat qilishga chaqirishdi. Men xizmatni Moskvada boshladim, keyin esa boshqa mamlakatlardagi loyihalarga ekspat sifatida yo‘l oldim".

Mayya Terenina

Tereninaning so‘zlariga ko‘ra, unda eng katta taassurot qoldirgan joy - zilziladan keyingi Pokiston bo‘lgan. U Pokistonga 2005 yilda - dahshatli zilziladan 10 kun o‘tib borgan. 

Mayya Terenina jamoadagi muhit ish sharoitiga bog‘liq, deb hisoblaydi.

"Missiya qanchalik qiyin bo‘lsa, jamoadagi munosabatlar shunchalik oson kechadi. Insonlar favqulodda vaziyatlarda o‘zlarini eng yaxshi tomondan namoyon etishadi", - deydi Mayya. 

Uning fikricha, MSF xodimining eng muhim uch xislati - shaxsiy siyosiy va diniy qarashlarga tobe' bo‘lmaslik, muloqotga kirishish xususiyati va stressga chidamlilik.

Jamoada ishlash

Dunyoning 60dan ortiq mamlakatida MSF'ning turli sohalari - tibbiyotdan tortib to muhandislik va ma'muriy faoliyatgacha - 30 mingdan ziyod kishi xizmat qiladi. Shifokor-jarroh Yaroslav Sviridov nima uchun bu tashkilotga kelgani va ish joyidagi o‘ziga xos muhit haqida so‘zlab berdi.  

"To‘g‘risini aytsam, MSF qatoriga qo‘shilmasimdan avval insonparvarlik omili men uchun birinchi o‘rinda bo‘lmagan. bu paytga kelib, hayotimda nimanidir o‘zgartirish istagi paydo bo‘lgandi. Gumanitar tashkilotda ishlash men uchun barchasini qaytadan boshlashga imkon berdi". 

Yaroslav Sviridov

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori jismoniy va ruhiy zo‘riqish tufayli jarrohlar va anesteziologlar missiyasi davomiyligi 3 oydan oshmasligi kerak. Biroq Yaroslav 5 oylik safarda ham bo‘lgan. 

"Menga hammasidan ham harbiy harakatlar va gumanitar fojialar sodir bo‘lgan joylardagi insonlarning azob-uqubatlari yomon ta'sir qilgan", - deydi Sviridov. 

Jarrohning ish kuni palatalarni ko‘zdan kechirish va operatsiyalar o‘tkazishdan iborat. MSF missiyasida Yaroslav asosan "ish-baza, baza-ish rejimida yashagan", biroq favqulodda holatlar ham bo‘lgan. 

"Favqulodda holatlar bo‘lib turadi, albatta. Masalan, Kongoda bizning jarrohlik jamoamiz 12 soatda 14 kesercha kesish amaliyotini bajarishiga to‘g‘ri kelgan. Pokistonda esa terrorchilar hujumlarning biryo‘la o‘nlab qurbonlari kelib tushardi". 

Yaroslav Sviridov

MSF xodimlariga xos bo‘lgan xislatlar orasida Sviridov stressga chidamlilik va "qanday holat bo‘lishiga qaramay  yengilmaslik" xususiyatini qayd etdi. Birinchi o‘ringa esa u mutlaqo boshqa fazilatni qo‘yadi. 

"MSF xodimining eng asosiy xislati — jamoa manfaati uchun shaxsiy manfaatdan voz kecha olish. Deylik, sen o‘z sohangning mohir ustasisan, biroq jamoa a'zolari bilan yaxshi munosabat o‘rnata olmasang, bu juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois MSF'da asosan jamoa bo‘lib ishlaydiganlar uzoq xizmat qiladi".

Yaroslav Sviridov

Avlodlar tanlovi

Nihoyat, MSF'da ishlashning kelgusi avlod tanloviga ta'siri va Afg‘oniston mahalliy aholisining rossiyaliklarga munosabati haqida — anesteziolog Vitaliy Zaykovskiy hikoya qiladi.

"Men bolalarni yaxshi ko‘raman va boshqalarga yordam berishda o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Ishonchim komilki, boshqalarga yordam bersam, bu mening farzandlarimga yaxshilik bo‘lib qaytadi. Mening sevimli oilam bor, ular meni yaxshi ko‘rishadi va qo‘llab-quvvatlashadi. Farzandlarim ham shifokor kasbini tanlashdi, ular kelajakda mening izimdan borishmoqchi". 

Vitaliy Zaykovskiy

Hozirgi vaqtda Zaykovskiy Afg‘onistondagi Lashkargoh shahrida va bu uning MSF safidagi birinchi missiyasi. Vitaliyning har bir kuni jarrohlik amaliyotlari, anesteziologlar treningi va tashkiliy masalalarni hal qilishdan iborat. 

Shifokor-anesteziologni Afg‘onistondagi faoliyati davomida ajablantirgan narsa - mahalliy aholining rossiyaliklarga do‘stona munosabatda bo‘lganligi. 

"MSF'dagi eng asosiy xislatlar — professionallik, beg‘arazlik va betaraflik".

Vitaliy Zaykovskiy

 

Mavzuga oid