Samarqand viloyatiga yangi hokim tayinlandi
23 dekabr kuni Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Kun.uz manbasining ma'lumotiga ko‘ra, Oqbo‘tayev Himmat Qo‘chqorovich viloyatning yangi rahbari etib tayinlangan.
U shu vaqtgacha Samarqand viloyati hokimining ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.
Oqbo‘tayev Himmat Qo‘chqorovich 1962 yil 1 fevralda, Samarqand viloyati, Urgut tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti – oliy.
U mehnat faoliyatini 1979 yilda Urgut tumanida jamoa xo‘jaligi a'zosi sifatida boshlagan. Harbiy xizmatni o‘tagandan so‘ng, 1983-1988 yillarda Toshkent davlat universitetida tahsil olgan. 1988-1991 yillarda Urgut tumanidagi jamoa xo‘jaligida huquqshunos, 1991-1992 yillarda Navoiy viloyati Xatirchi tumani prokuraturasi ish o‘rganuvchisi, 1992-1993 yillarda Navoiy tumani prokurori katta yordamchisi, 1993-1994 yillarda Navoiy viloyati prokuraturasi ichki ishlar idoralarida tergov va surishtiruv ustidan nazorat bo‘limi katta prokurori, 1994-1996 yillarda Navoiy shahar prokurori o‘rinbosari, 1996-1999 yillarda Navoiy tumani prokurori, 1999-2000 yillarda Navoiy viloyati prokuraturasi iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi katta tergovchisi, 2000-2002 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi prokuratura organlarida tergovni nazorat qilish boshqarmasi prokurori, katta prokurori, 2002-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi idoralarida tergov va surishtiruv ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 2003-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi organlarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i, 2004-2006 yillarda Navoiy viloyati prokurori o‘rinbosari vazifalarida ishlagan.
2006-2016 yillarda Samarqand viloyati Urgut tumani hokimi lavozimida mehnat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, viloyatning avvalgi hokimi Mirzayev Zoyir Toirovich Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi rahbari etib tayinlangandi.
Qayd etish kerakki, bu shu oyning o‘zida oltinchi viloyatda hokim o‘zgarishi bo‘ldi. Bungacha, Toshkent, Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro va Jizzax viloyatlarida rahbar o‘zgargandi. 4ta viloyat hokimi (Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro va Jizzax) o‘z lavozimlaridan tuman hokimligiga tushirilgan.
Mavzuga oid
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024