Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hasad balosi haqida
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-biringizdan uzilmanglar, bir-biringizga orqa o‘girmanglar, nafrat-adovatda bo‘lmanglar, o‘zaro hasad qilmanglar. Allohning birodar bandalari bo‘linglar. Musulmon uchun birodarini uch kundan ortiq tark qilishi halol bo‘lmaydi”, dedilar”. (Termiziy rivoyati).
Sharh: Hasad ikki qismga: haqiqiy va majoziyga bo‘linadi. Haqiqiy hasad – Alloh bir kishiga bergan boylik, ilm yoki biror yaxshilikni ko‘rib, unga o‘zi erishmasa-da, narigi insondan ketishini xohlashidir. Mazkur hasad sahih va ochiq dalillar hamda ummat ijmosiga ko‘ra harom qilingan.
Majoziy hasadni havas ma'nosida ham tushunish mumkin. Ushbu ma'nodagi hasadgo‘y boshqa kishilardagi ne'mat ulardan ketmagan holda o‘zida ham bo‘lishini istaydi. Agar hasad qilayotgan narsasi dunyoviy ishlar uchun bo‘lsa, joiz va uxroviy, ya'ni ibodatlarda bo‘lishi esa mustahabdir. Alloh taolo aytadi: “Bas, musobaqachilar shu (ne'matlar) yo‘lida musobaqa qilsinlar!” (Mutaffifun surasi, 26-oyat). Bu o‘rinda musobaqalashishdan birovga zarar bermagan holda undan o‘zib ketish tushuniladi. Zero, ne'matga erishishda bir inson boshqasidan o‘zib ketishining zarari yo‘q. Shuning uchun inson yaxshi ishlarda musobaqalashishga buyurilgan. Ikkinchi turdagi hasad borasida quyidagi hadis kelgan:
عن ابن عمر رضي الله عنهما قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم لا حسد إلا في اثنتين رجل آتاه الله مالا فهو ينفق منه آناء الليل وآناء النهار ورجل آتاه الله القرآن فهو يقوم به آناء الليل وآناء النهار
Ibn Umar roziyalohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki narsadan boshqasida hasad yo‘q. (Biri) Alloh taolo bir kishiga mol-dunyo bergan va u kecha-yu kunduzi uni infoq qiladi.(Ikkinchisi) Alloh taolo bir kishiga Qur'onni bergan va u kecha-yu kunduz uni qoim qiladi”, dedilar”. (Termiziy rivoyati).
Demak, ikki holatda havas ma'nosida hasad qilish mumkin. Hadisda hasad qilish mumkin bo‘lgan ikki holat misol tariqasida keltirilgan bo‘lib, undan mutloq diniy amallar iroda etilgan. Dunyoviy ishlarda hasad qilish muboh hisoblanadi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni targ‘ib qilmaganlar.
Birinchi hadisda haqiqiy ma'nodagi hasad bayon qilingan. Unda “Bir-biringizdan uzilmanglar, bir-biringizga orqa o‘girmanglar, nafrat-adovatda bo‘lmanglar” jumlalaridan keyin “O‘zaro hasad qilmanglar” deyildi. Bundan ko‘rinadiki, hasad odatda nafrat-adovat ortidan kelib chiqadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mana shularning yechimini bayon etib “Allohning birodar bandalari bo‘linglar”, dedilar. Ya'ni, yuqoridagi to‘rt ishning bo‘lishiga yo‘l qo‘ymanglar deyilmoqda.
Hasad qilinayotgan kishiga berilgan ne'mat Alloh tarafidan berilgan. Unga kuyishdan nima naf?! Agar inson mana shu haqiqatni anglab yetsa, o‘rtadagi o‘zaro janjallar ham tugab, hamma bir-biri bilan birodar bo‘lgan holda yashaydi.
Alloh barchamizni hasad balosidan saqlasin. Doimo havas bilan yashashni nasib qilsin!
Ergashev MUHAMMADIY
«Ahmadjon qori» jome masjidi imom-xatibi