O‘zbekiston | 20:06 / 27.12.2016
12518
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 510 mingdan ortiq arxiv hujjatlarining elektron nusxalari yaratildi

Milliy matbuot markazida “Arxiv faoliyatini avtomatlashtirish va arxivlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda arxiv faoliyatini avtomatlashtirish oqibatida jismoniy va yuridik shaxslarga yaratilayotgan qulay imkoniyatlar hamda arxivlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy etishdagi yutuqlar va istiqboldagi rejalar muhokama etildi.
 
Ma'lumotlarga ko‘ra, 2008 yildan boshlab barcha davlat arxivlarida axborot-kommunikatsion texnologiyalaridan foydalanilgan holda asl hujjatlarning umrini uzaytirish maqsadida alohida qimmatli hujjatlarning elektron nusxalarini yaratish ishlariga kirishildi. Hozirga qadar 510 ming saqlov birligidan ortiq, shu jumladan 5,3 million kadr qog‘oz asosdagi, 240 mingdan ortiq foto, 1800 dan ortiq kino, 2700 dan ortiq fono arxiv hujjatlarining elektron nusxalari yaratilib, jami davlat arxivlarida saqlanayotgan alohida qimmatli hujjatlarning 75 foizi elektron formatga o‘tkazildi.

Xabar qilinishicha, “O‘zarxiv” agentligining bevosita ko‘rsatmasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari markaziy davlati arxivi tomonidan arxiv hujjatlari saqlanishi va xavfsizligi ustidan nazorat qilish hamda boshqarishning integratsiyalashgan tizimi, arxiv saqlovxonalarida mikroklimatni boshqarish va nazorat qilishning avtomatlashgan tizimi, arxiv faoliyatini avtomatlashtirish uchun markazlashgan axborot tizimi hamda arxiv hujjatlarini qidiruv tizimlari ishlab chiqilib, sohaga joriy etildi.

Mavzuga oid