Sport | 14:28 / 06.01.2017
9485
4 daqiqa o‘qiladi

2013-2016 yillarda O‘zbekistonda olimpiya sport turlariga 46,5 mln dollar sarflandi

Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasining XXX Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikramov olib bordi. Unda to‘rt yillik olimpiya siklida qilingan ishlar, erishilgan natijalar borasida hisobot berildi

Hisobotda 2013-2016 yillar mobaynida Rio-de-Janeyrodagi XXX yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun juda katta ko‘lamda ish olib borilgani qayd etildi. 

Bu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston sportchilarini 2016 yil Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi to‘g‘risida” 2013 yil 25 fevraldagi 1923-sonli qarori bilan tasdiqlangan Dastur asosida amalga oshirilgan. 

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tarkibiga o‘zgartirish kiritilib, yangi boshqarma va bo‘limlar tashkil etildi. Joylarda ish faoliyatini yanada jonlantirish maqsadida Qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarida hududiy vakillarning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Qo‘mita matbuot xizmati xabariga ko‘ra, dasturga muvofiq 14ta olimpiya sport turi bo‘yicha respublika federatsiya va assotsiatsiyalardan 28ta sport turlariga alohida e'tibor qaratilib, homiylar biriktirilgan. Ularga 2013-2016 yillar davomida jami 46,5 mln. AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Bu mablag‘lar olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarning moddiy-texnik bazalari yanada takomillashtirilishiga sarflangan. Jumladan, Toshkent shahrida dzyudo, boks, gimnastika, qilichbozlik, eshkak eshish, taekvondo WTF, tennis, sport kurashlari, og‘ir atletika, velosport va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha sport bazalari hamda markazlari ishga tushirilgan. 4 yil mobaynida Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarga biriktirilgan 88ta sport bazasidan deyarli barchasida qurilish, rekonstruksiya, kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, ularning moddiy-texnik bazasi zamonaviy talablar asosida yanada takomillashtirilgan. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 30 dekabrdagi 346-sonli qarori asosida sport turlari bo‘yicha terma jamoalarga 14 nafar xorijiy mutaxassis jalb etilgan.

Qayd etish kerakki, amalga oshirilgan ulkan hajmdagi ishlar o‘z samarasini berdi va o‘zbekistonlik sportchilar ilk marotaba yozgi Olimpiya o‘yinlarida dunyoning 207 davlati vakillari orasida 4ta oltin, 2ta kumush va 7ta bronza, jami 13ta medaliga sazovor bo‘lib umumjamoa hisobida 21-o‘rinni band etdi. Bu natija Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari orasida Rossiyadan keyingi ikkinchi, Osiyo qit'asida Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlaridan keyin to‘rtinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi natija bo‘ldi.

Mavzuga oid