BAA-2050 energiya rejasini taqdim etdi
BAA 30 yillik energiya rejasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash uchun 700 milliard dirham saqlab qolinib, 600 milliard dirham investitsiya qilinadi. Bu haqida Gilf News nashri xabar berdi.
Mazkur reja BAAning iqtisodiy ehtiyojlari va ekologik maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlab turadi.
BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri, shuningdek Dubay hukmdori Shayx Muhammad bin Rashid Al-Maktum BAA-2050 energiya rejasi haqida 10 yanvar kuni o‘zining Twitter'dagi sahifasida ma'lum qildi.
BAAning energiya rejasi iste'molchi imkoniyatlarini 40 foizga, sof energiya ulushini 50 foizga oshirishga yo‘naltirilgan.
"Energiya haqida o‘ylamaydigan inson kelajak haqida ham o‘ylamaydi. BAA hukumati mamlakat uchun yagona energiya strategiyasini ishlab chiqishda katta yutuqqa erishdi", - deb yozdi Shayx Muhammad.
"Fors ko‘rfazi mamlakatlari o‘z iqtisodiy tuzilmasiga ko‘ra, bir-biriga o‘xshab ketadi. Umid qilamizki, xalqimizning barqaror o‘sishi va iqtisodiyotimizga global ta'sirini ta'minlash maqsadida yagona energiya strategiyasiga ega bo‘lamiz", - deb yozadi u.