Jamiyat | 07:55 / 12.01.2017
12123
2 daqiqa o‘qiladi

“XXI asr – intellektual avlod asri” ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi

11 yanvar kuni Toshkent shahrida “XXI asr – intellektual avlod asri” shiori ostida yosh olimlar va oliy ta'lim muassasalarining talabalari respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste'dod” jamg‘armasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida tashkil etilgan.

Ko‘zlangan asosiy maqsad – fan va texnologiyalar modernizatsiyasi borasida amaliy takliflar; tub islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar; zamonaviy, bilimli, murakkab vazifalarni hal etishga qodir yosh olimlarni tarbiyalashga qaratilgan takliflar; yosh olimlar ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish tizimi borasidagi takliflarni ishlab chiqish hamda innovatsion g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilishdan iborat.

Konferentsiya respublikaning barcha oliy ta'lim muassasalarini qamrab olgan bo‘lib, jami 1576 nafar yoshlar qatnashishdi. Joriy yil 12-13 yanvar kunlari Toshkent moliya institutida bo‘lib o‘tadigan yakuniy bosqichda 122 nafar saralangan yoshlar ishtirok etishmoqda.

Ilmiy anjuman yalpi majlislardan tashqari,“Ijtimoiy-gumanitar fanlar”, “Tabiiy fanlar”, “Aniq fanlar” va “Texnika fanlari” sho‘'balarida olib borilmoqda.

Tadbir yakunida eng yaxshi ilmiy ish mualliflari tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Konferentsiya haqidagi mazkur ma'lumotlar “E-yoshlar” tashabbuskor yoshlar guruhi koordinatori U.Raxmankulov tomonidan Facebook.com ijtimoiy tarmog‘idagi  “VMeSTe MY SILA” guruhiga joylashtirilgan manba asosida taqdim etildi.