Jahon | 13:41 / 14.01.2017
6226
2 daqiqa o‘qiladi

Pekin hukumati havo ifloslanishi bilan kurashga deyarli 3 milliard AQSh dollari sarflaydi

foto: AFP

Xitoy poytaxti hukumati 2017 yilda havo ifloslanishi bilan kurashga yo‘naltirilgan choralar uchun 18,22 milliard yuan (2,64 milliard AQSh dollari) sarflashni rejalashtirmoqda.

Sinxua agentligining ma'lumotlariga ko‘ra, Pekin moliya byurosi rahbari Li Intszin bu haqda ma'lum qilgan. Xususan, hukumat ekologik qurilishlarni rivojlantirib, energomanbalardan iqtisod qilish va atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmini pasaytirishni rejalashtirmoqda. Shahar hukumati 2016 yilda atrof-muhit ifloslanishi bilan kurashga 2,5 milliard sarflagandi.

Shu tariqa, hukumat 2017 yilda havodagi PM2.5 zararli moddalar o‘rtacha yillik miqdorini bir kubometrga 60 mikrogrammga qadar pasaytirmoqchi. 2016 yilda bu ko‘rsatkich 73 mikrogrammni tashkil qildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, havodagi bunday moddalarning xavfsiz darajasi bir kubometrga 25 mikrogramm etib belgilangan.

Avvalroq Pekin shahri meri vazifasini bajaruvchi Tsay Tsi hukumat 2017 yilda atrof-muhit ifloslanishi bilan kurash doirasida atmosferaga zararli moddalarni ko‘proq chiqaruvchi avtomobillar sonini yanada qisqartirish niyatida ekanini xabar qilgandi. 2016 yilda ularning soni deyarli 340 mingtaga kamaytirilgan.

Ma'lum qilinishicha, 2017 yilda shahar rahbariyati ko‘mirni iste'mol qilishni 30 foizga kamaytiradi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi 500 ta korxona yopiladi, 2,6 mingta korxona yuqoriroq ekologik standartlarga mos kelishi uchun modernizatsiya qilinadi. Bundan tashqari, atrof-muhit muhofazasi buzilish holatlari, jumladan ochiq havoda pikniklar uyushtirish, chiqindilarni yoqish va boshqalarni nazorat qiladigan "tabiatni qo‘riqlash politsiyasi" tashkil etiladi.  

Ma'lumot uchun, 2,5 mikrondan kichikroq PM 2.5 zarrachalari havoda tumanga o‘xshash his vujudga keltiradi va inson ichiga kirib, o‘pkasida o‘tirib qoladi hamda jiddiy muammolarga olib keladi. 

Mavzuga oid