O‘zbekiston | 19:32 / 17.01.2017
73596
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolariga Haj ziyoratiga borishda ba'zi cheklovlar qo‘llangani haqidagi xabarlarga izoh berildi

So‘nggi paytlarda bir qator nashrlarda 2017 yildan boshlab avval Haj va Umraga borgan fuqarolar endilikda katta va kichik haj ziyoratiga bora olmasligi haqida ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Unda aytilishicha, bu haqdagi qaror “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish hamda o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan 15 dekabr kuni qabul qilingan.

Kun.uz sayti ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga murojaat qildi.

Bizga yo‘llangan maktubda aytilishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” fondi takliflariga binoan hamda o‘zbek xalqining bag‘rikeng va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib, joriy yilda mazkur kengash tomonidan bir va undan ortiq marotaba haj va umra safarlariga borgan shaxslarning muborak ziyoratlarga borishlari kechiktirib turilishi haqida qaror qabul qilingan.

Mazkur qarorning qabul qilinishida respublika miqyosida muborak umra va haj safarlariga borish istagini bildirgan fuqarolar sonining tez sur'atlarda ortib borishi, mustaqillik yillarida fuqarolar turmush darajasining yuksalishi, aholi sonining o‘sishi, ular tomonidan haj va umra safarlariga borish istagida amaliy yordam so‘rab ko‘plab murojaatlar qilinishi ham e'tiborga olingan.

Ayni paytda ta'kidlash joizki, islom dini ta'limotlariga ko‘ra har bir insonga umrida bir marta haj ziyoratini amalga oshirish (haj safari davomida umra ziyorati ham bajariladi) farz qilingan. Bunda albatta uning sog‘lom va iqtisodiy jihatdan yaxshi ta'minlangan bo‘lishi belgilangan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham Arabiston yarim orolida yashagan bo‘lsalarda umrlarida bir marta haj amalini bajarganliklari tarixdan ma'lum.

Aksariyat musulmon mamlakatlarida, jumladan, Saudiya Arabistoni Podshohligida ham o‘z fuqarolariga 5 yilda bir marta haj qilishlari mumkinligi qat'iy belgilab qo‘yilgan.

“Umid qilamizki, yurtdoshlarimiz haj va umra ibodatlarini ado etmagan fuqarolarga keng imkoniyatlar yaratib berish maqsadida Jamoatchilik kengashining umra va haj safarlarini tashkil etish bilan bog‘liq bu yilgi qarorini to‘g‘ri tushunadilar”, - deyiladi maktubda.

Avvalroq, o‘zbekistonlik fuqarolar uchun haj kvotasi deyarli 40 foizga oshirilgani haqida xabar bergandik

Mavzuga oid