Jahon | 19:33 / 18.01.2017
8948
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada Turkiya va Rossiya hamkorligida ilk harbiy amaliyot o‘tkazildi

Rossiyaning Suriyadagi aviaguruhi hamda Turkiya Harbiy-havo kuchlari Al-Bob shahri yaqinida IShID jangarilariga havo zarbalari yo‘lladi. Bu haqda Rossiya Bosh shtabining operativ boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Sergey Rudskoy ma'lum qilgan.

«Havo amaliyotida Suriya tomoni roziligi bilan Rossiya HKKning 9ta harbiy samolyoti, jumladan 4ta Su-24M, 4ta Su-25 va bitta Su-34 bombardimonchisi, shuningdek, Turkiya HHKning 8ta samolyoti: to‘rtta F-16 va to‘rtta F-4 samolyotlari ishtirok etdi. Jami bo‘lib 36 obekt yo‘q qilindi», — degan u.

Obektlar ikki davlatning aviatsiya guruhlari boshqarmalari va Bosh shtablari kelishuvi asosida belgilangandi. Keyingi ikki kun mobaynida hududda dronlar va sun'iy yo‘ldoshlar orqali jiddiy razvedka olib borilgandi.

Halabning shimoli-sharqidagi Al-Bob tumanida 2016 yilning dekabridan buyon harbiy harakatlar olib borilmoqda. IShID nazoratidagi bu shaharga hujum qilayotgan «Suriya ozodlik armiya»sini turkiyalik harbiylar qo‘llab-quvvatlab kelayotgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid