Fan-texnika | 23:43 / 26.01.2017
17023
2 daqiqa o‘qiladi

Sotuvga 15 mln dollarlik kompyuter chiqarildi

Kanadaning D-Wave kompaniyasi narx jihatdan arzon kvant kompyuterlari yaratish sohasida birinchilardan hisoblanadi. Kompaniyaning birinchi kvant kompyuterlari 2007 yilda ishlab chiqarilgan. O‘shanda bu 16-kubitli va 28-kubitli Orion kompyuteri bo‘lgan. 2011 may oyida sotuvga 128-bitli chipga ega D-Wave One modeli chiqqan. D-Wave bu bilan cheklanib qolishni istamadi. Endi sotuvga 15 mln dollarlik 2000 kubitli protsessorga ega D-Wave 2000Q kompyuteri chiqmoqda. 

Bunday mashinaga talab bo‘lmaydi, deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Kvant kompyuterining yangi modeliga xaridorlar navbatga tizilishmoqda. Yangi kompyuterning ilk egasi kompyuter xavfsizligi bilan shug‘ullanuvchi Temporal Defence Systems kompaniyasi bo‘ladi. Kompaniya rahbariyatining aytishicha, kvant kompyuteri xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar oldida turuvchi eng majmuaviy muammolarni tezkorlik bilan hal qilishga imkon beradi.   

Kvant kompyuterining oddiy kompyuter bilan mahsuldorligini qiyoslash oson ish emas. Qayerdadir u hisob-kitoblar tezligida yutadi, ba'zida 10 ming martalab, ba'zi joylarda yutqazadi. Yangi kompyuter ishlab chiqaruvchilari ularning yangi qurilmasi mashinaviy o‘rganishda ayniqsa ilg‘orligini ta'kidlashmoqda. D-Wave kompaniyasi o‘zining yangi modellarini yaratishni to‘xtatmoqchi emas va yaqin kelajakda yanada kuchliroq kvant kompyuterlari yaratmoqchi.