O‘zbekiston | 00:04 / 27.01.2017
46056
3 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: "Yurtimizdagi xorij universitetlarini bitirgan yoshlar O‘zbekistonda qolib, ishlashni istashmayapti"

26 yanvar kuni "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi" loyihasiga bag‘ishlangan mediahaftalikning to‘rtinchi kunida ta'lim yo‘nalishida ham ko‘plab muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarning spikerlarga yo‘llagan savollari orasida xususiy kollej va litseylarni tashkil etish bo‘yicha savol ham bor edi. 

"Xususiy o‘qish joylarida bolalarning tarbiyasi qaysi tomonga yo‘naltirilishi noaniq. Ularga javobgarlikni kim o‘z zimmasiga oladi? Ayni damda xususiy kollej va litseylarni ochish masalasi oldida bir qancha mavjud muammolar borligiga e'tibor qaratishimiz lozim. Bizga ma'lumki, hozirda yurtimizda ko‘plab chet el universitetlarining filiallari mavjud. Ular orasida Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyoti universiteti, Turin politexnika universiteti, Inha universitetini misol qilish mumkin. Biroq biz ishga qabul qilish vaqtida yuqoridagi oliygohlarni tamomlagan talabalarni suhbatga chaqirganimizda ularning ko‘pchiligini O‘zbekistonda qolish niyati yo‘q. Yana bir bor e'tiboringizni qaratishingizni so‘rayman, aynan qolish niyati yo‘q.  Agarda bu universitetlarda bizning yaxshi tarbiyali, bilimi kuchli yoshlarimiz tahsil olgan bo‘lsa, nima sababdan O‘zbekistonda ishlash niyati yo‘q? Bu bizning oldimizda turgan katta muammodir. Avvalam bor, mana shu masalalar yuzasidan katta-katta ishlarni olib borishimiz zarur", - dedi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Dilmurod Turdiyev. 

 Shu o‘rinda, Samarqandda oziq-ovqat sohasida xorijiy hamkorlar bilan yangi yo‘nalishdagi institutni tashkil etish, Buxoroda turizmni rivojlantirish bo‘yicha, Andijon va Farg‘onada mexanika yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha yangi institutlar ochish dasturdan asosiy o‘rin olgani alohida qayd etildi. Mazkur taklif bo‘yicha qaror qabul qilinishi bilan buning ustida qator ishlar amalga oshirilishi aytib o‘tildi. 

"Hozirgi kunda farzandlarimizni chet elga ketib qolishini oldini olish uchun qiladigan ishlarimiz, vazifalarimiz talaygina", - deya qo‘shimcha qildi Dilmurod Turdiyev.

Mavzuga oid