21:56 / 29.01.2017
50925

Dunyodagi eng yosh milliarder Evan Shpigelning ajoyib hayotidan lavhalar (fotojamlanma)

Evan Shpigelning hayoti omadli kechdi. Uning Snap Inc. kompaniyasi birjaga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda va hozirgi paytda bu 2017 yilning eng kutilayotgan IPO'laridan biri - kompaniya 20 milliard dollarga baholanmoqda. Butun dunyo o‘smirlari Snapchat ilovasini yaxshi ko‘rishadi, yaqindagina chiqarilgan Spectacles ko‘zoynaklari esa eng kutilgan gadjyetlardan biridir. 

Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, Shpigelning moliyaviy holati 2,1 milliardni tashkil etadi. Bu uni meros sabab emas, o‘z kuchi bilan boyishga muvaffaq bo‘lgan dunyodagi eng yosh milliarderga aylantiradi. 

Uning omadi kulgan va u buni yaxshi biladi. Stenford universitetidagi biznes-konferensiyada u shunday degandi:

"Men yosh, oq tanli, bilimli insonman. Demak juda omadliman. Hayot adolatsiz". 

InsiderPro Shpigelning hayotiga oid eng qiziqarli faktlarni to‘pladi: uning LA Weekly, Forbes, Business Insider'dagi tarjimai holi, shuningdek, sud hujjatlari va ko‘plab boshqa ma'lumotlar. 

Evan Shpigel Malibuning sharqida, Los-Anjyelesning badavlat dahasi Pasifik-Poliseydsda voyaga yetdi. U ikki huquqshunosning to‘ng‘ich o‘g‘li. O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarida ota-onasi ajarashib ketishgan. 

Shpigel 16 yoshga to‘lganida haydovchilik guvohnomasi, Cadillac Escalade va Southern California Edison kompaniyasining maktab yonidagi yopiq turargohidagi joyga ega bo‘ldi.

U Santa-Monikadagi Crossroads nomli elita maktabini tugallagan, u yerda o‘qish o‘n minglab dollarni tashkil qiladi. Bu maktabda ko‘plab  taniqli shaxslar ta'lim olishgan - Tinder hammuassisi Shon Red, Keyt Hadson, Jon Hill, Jyek Blek va Gvinet Peltrou. 

2008 yilda, Red Bull'da marketing bo‘yicha tajriba o‘tagan Shpigel shahar bo‘ylab yurishga nisbatan tejamkorroq mashina kerakligini anglab yetdi. Ota-onasiga yozgan maktubida u uchun lizingga taxminan 75 ming dollarlik BMW 550i olishni so‘radi: "Avtomobillar meni xursand qilmoqda. Agar mening yaxshi o‘qiganim uchun mukofot joiz deb topsangiz, lizingga BMW olsangiz, sizlardan juda minnatdor bo‘lardim".

Shpigellar bir necha eksklyuziv klub a'zosi bo‘lishgan, Santa-Monikadagi Jonathan va La Jolla Beach and Tennis Club shular jumlasidandir. Ular Yevropa bo‘ylab ko‘p sayohat qilishgan, ularning uyida doimo oqsoch bo‘lgan, snoubordda uchish uchun vertolyotda Kanadaga borishgan. BMW haqidagi maktubida Evan "Biz xuddi pufak ichida yashayotgandekmiz" deb yozgan. 

Shpigel Stenford universitetga o‘qishga kirib, yangi mahsulotlar yaratilishi va marketingini o‘rgangan. U o‘sha yerda Snapchat'ning bo‘lg‘usi hammuassislari Reji Braun va Bobbi Merfi bilan tanishgan. 

Keyinchalik Merfi Forbes jurnaliga bergan intervyusida shunday deydi: "Biz qoyilmaqom yigitlar bo‘lmaganmiz, shu bois qoyilmaqom narsa yaratishga harakat qilganmiz".

Uchovlon Kappa Sigma talabalar ittifoqi a'zosi bo‘lishgan. ziyofatlarni tashkillashtirish Shpigelning majburiyatlariga kirgan. 

2014 yilda internetda Shpigelning Stenforddagi o‘qish davridagi xatlari tarqaldi. Unda bo‘lg‘usi milliarderning so‘kingan so‘zlarni ko‘p qo‘llagani ma'lum bo‘lgan. Xatlar tarqalganidan keyin u uzr so‘radi. 

"Bunday so‘zlarni yozganimdan afsusdaman. Men ahmoq bo‘lganman, albatta. Bugun men ayollarga butunlay boshqacha munosabatdaman".

Stenfordda o‘qish davomida oila do‘sti Shpigelni ishbilarmonlik va venchur investitsiyalar kursiga joylashtirib qo‘ydi, u yerda xaytek-sanoati yetakchilari ma'ruzalar o‘qishardi. Google kompaniyasining bosh direktori Erik Shmidt va YouTube hammuassisi Chad Herli shular jumlasidandir.

Bir kuni Intuit asoschisi Skott Kuk ma'ruza o‘qishga keldi va Shpigel u bilan do‘stlashib qoldi. Keyinroq katta kurslarda o‘qish davomida Shpigel Intuit’da Hindiston bozoriga mo‘ljallangan mahsulot ustida ishladi. 

Biroq Shpigel universitetni tugallamadi – u o‘qishni tugatishiga ozgina vaqt qolgandi, biroq Snapchat to‘liq bandlikni talab qilar edi. Otasining Palideysdagi uyi kompaniyaning shtab-kvartirasi bo‘lgan. 

Keyinchalik kompaniya Venis qirg‘oqlaridagi idoraga ko‘chib o‘tadi, ammo Shpigel kvartira ijarasida tejab, yana ancha vaqt otasining uyida yashadi.

2014 yilda u nihoyat boshqa joyga ko‘chib o‘tdi – 3,3 million dollarga Brentvudda uch yotoqxonali shaxsiy uyini xarid qildi. Tez orada kompaniyasining salohiyatli xaridorlari uning eshigini qoqib kela boshlashdi. Ma'lumki, 2013 yilda u Facebook asoschisi Mark Tsukerbergning taklifini rad etdi – u kompaniyani 3 milliard dollarga sotib olish taklifini bergandi. 


Shundan keyin Facebook kompaniyasi Snapchat klonini yaratishga urinib ko‘rishdi, biroq uning Poke ilovasi “o‘tmadi”.

Servisdan foydalanuvchilar soni o‘sishda davom etdi va Shpigel xaytek-sanoatida tez nom qozondi. Suratda u 2014 yildagi Vanity Fair New Establishment Summit tadbirida Vice kompaniyasi rahbari Sheyn Smit bilan tasvirlangan. 

2015 yilning iyunida Snapchat yirik investitsiyalarni jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi – shundan so‘ng Shpigel o‘ziga Ferrari sotib oldi. 

Shpigel bir muddat pop-yulduz Teylor Svift bilan uchrashib yurdi. Ular 2013 yilning dekabrida Yangi yil oqshomida tanishishgan. 

Shpigel ancha vaqt musiqa sanoatiga qiziqish bildirgan, shu boismi Sony Entertainment bosh direktori Maykl Linton anchadan beri Snapchat boshqaruviga kiritilgan.

2015 yilning yozida Shpigel supermodel Miranda Kerr bilan uchrasha boshladi. Ular ilk marotaba 2014 yilda Louis Vuitton’ning Nyu-Yorkdagi oqshomida uchrashishgandi. 

2016 yilning may oyida juftlik 12 million dollarga ilgari aktyor Harrison Fordga tegishli bo‘lgan 665 kvadrat metrli uyni xarid qiladi. Shu yilning iyulida ular unashtiruv to‘g‘risida e'lon qilishdi. 

Shpigel modaga rioya qiladi, bu odatda xaytek-kompaniyalar rahbarlariga xos bo‘lmagan xususiyatdir. 2015 yilda u Italiyaning Vogue jurnali sahifasida paydo bo‘ldi. 

Bundan tashqari, Shpigelning vertolyotni boshqarishga huquq beruvchi guvohnomasi bor, shuningdek, u floristikaga qiziqadi. U ko‘pincha James Perse’ning 60 dollarli V-bichimdagi futbolkalarini kiyadi. 

2016 yilning sentabrida Shpigel Snapchat’ni Snap Inc.ga o‘zgartirdi va kompaniya bundan keyin kameralar ham ishlab chiqarishini ta'kidladi. U Spectacles nomi ostidagi kamera o‘rnatilgan ko‘zoynaklarni taqdim etdi. 

Shpigel ochiqlik tarafdori emas – na shaxsiy hayotida va na ish faoliyatida. Snap xodimlari ko‘pincha kompaniya qaysi mahsulot ustida ishlayotganini bilishmaydi. 

Ko‘pincha uning Venis-Bichdagi kompaniya idorasini qora mashinada qo‘riqchilar hamrohligida aylanib chiqayotganini ko‘rish mumkin.

Spectacles ko‘zoynaklari uchun Vergence Labs nomi ostidagi kichik startap sotib olinganida xodimlarga Shpigelning qo‘lida ishlayotganliklari haqida boshqalarga aytishga izn berilmasdi. Biroq internetda baribir shartnomaga oid ma'lumot paydo bo‘ldi. 

Aksariyat odamlar Shpigelni daho va omadli, boshqalarni yaxshi tushunadigan inson deb hisoblaydi va bu yoshlarga yoqadi. Bir tanishi uni hatto Pikassoga tenglashtirgan. 

Shpigel 26 yoshga to‘ldi va mana ikki yildirki, Forbes uni dunyoning eng yosh milliarderi sifatida e'tirof etadi. Ekspertlarning baholariga ko‘ra, uning moliyaviy holati 2,1 milliard dollarni tashkil qiladi. 

Hozirda u 20 milliard dollarga baholanuvchi kompaniyani birjaga olib chiqishga tayyorlanmoqda. Aytishlaricha, investorlarga murojaat qilish uni Mark Tsukerburg va Stiv Jobs bilan bir qatorga qo‘yadi. 

Top