19:21 / 30.01.2017
11019

Kun fotosi: Amerikalik jurnalist Tramp farmonining ijobiy tomonlarini sanab o‘tdi

Foto: AP

National Review nashri jurnalisti Devid French nima uchun Donald Trampning AQShni terrorizmdan saqlovchi farmoni mamlakat uchun foydali ekanligi, shuningdek yangi qarorlarga o‘z noroziligini bildirayotgan kishilar nima uchun xatoga yo‘l qo‘yayotganiga izoh berdi.

"Trampning qochqinlar to‘g‘risidagi farmoni atrofidagi jazava nazoratdan chiqib ketdi. Keling, tezlikni qo‘yaylik-da, faktlarga murojaat qilaylik", - deydi u.

Birinchidan, Trampning farmoni qochqinlarni qabul qilish jarayonini qayta ko‘rib chiqishni 120 kunga qoldiradi, ularning soni yiliga 50 mingdan oshishi kerak emas. French ta'kidlashicha, bu raqam - kenja Jorj Bush ma'muriyati va Baraka Obama ma'muriyati tomonidan yuritilgan siyosatning o‘rtasi. U 15 yil avval o‘rtacha ko‘rsatkich darajasida bo‘lar edi. 

2002 yilda AQSh 27 ming qochqinning kirishiga izn bergan. 2013 yilda esa - 70 ming atrofida. 

Farmonning mohiyati shundaki, Tramp mamlakatga kirib kelayotgan qochqinlarni kuchli nazorat qilishni ta'minlamoqchi va bu yo‘lda 15 yil avvalgi o‘rtacha ko‘rsatkichlarga tayanmoqchi. 

"Trampning bu ko‘rsatkichni kamaytirishi emas, Obama tomonidan o‘sha paytlarda ushbu ko‘rsatkichning keskin ko‘tarilishi me'yordan chiqish bo‘lgan", - deya izoh beradi French. 

Ikkinchidan, farmon Iroq, Suriya, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolarining AQShga kirishiga 90 kunlik taqiqlovni ko‘zda tutadi. Ushbu mamlakatlar "yo jihodchilar tomonidan bo‘laklarga bo‘lingan, yo Vashingtonga dushman bo‘lgan jihodchilar hukumati nazorati ostida"dir. 

Taqiqlov AQSh Ichki xavfsizlik vazirligining (DHS)  mamlakatga kiruvchi inson milliy xavfsizlikka tahdid tug‘dirmasligiga ishonch hosil qilguniga qadar amalda bo‘ladi. 

French mazkur bo‘limda muhim istisno mavjudligini qayd etadi: davlat kotiblari va DHS vakillari ayrim holatlarda bu mamlakatlar fuqarolariga viza berish huquqiga egalar, ya'ni sinovdan o‘tgan ittifoqdoshlar sifatida o‘zlarini namoyon qilgan tarjimonlar hamda boshqa kasb egalari oldindagi 90 kun davomida AQShga kirishlari mumkin. 

Ko‘plab terrorchilar qochqinlar sifatida niqoblanishi inobatga olinsa, bunday vaqtinchalik cheklov muallif tomonidan to‘g‘ri qaror sifatida baholandi. U ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, taqiqlov grin-karta egalariga ham taalluqli bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarni asossiz, deb topdi. 

Uchinchidan, suriyalik qochqinlar farmonda alohida o‘rin tutgan. Umuman olganda, bu Obamaning 2011-2014 yillardagi siyosatiga qaytishdir. 2015 yilda esa AQShga 1,6 ming suriyalik qo‘yilgan. 

"Obama o‘z ma'muriyatining so‘nggi kunlaridagina kursini o‘zgartirdi - qochqinlarni kamroq qabul qila boshladi, bu esa baribir umumiy inqirozga jiddiy ta'sir ko‘rsata olmadi. Endi esa demokratlar Twitter'da yuzsizlarcha qonga belangan suriyalik bolalar suratlarini chop etishmoqda", - deydi French. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Iroq va Suriyadagi nizolarni aynan Obama ma'muriyati keltirib chiqarganini yodga olinadigan  bo‘lsa, demokratlarning bu qadar faolligini kuzatish yoqimsizdir. 

To‘rtinchidan, farmonda shunday bo‘lim borki, diniy ozchilik vakillaridan qabul qilingan boshpana berishga oid arizalar usutuvor ahamiyatga ega bo‘ladi. Nima uchundir ko‘pchilikni aynan shu narsa g‘azablantirdi, - deyiladi maqolada.

Beshinchidan, French yana nimaga e'tibor qaratdi - ko‘pchilik Trampning farmonini mamlakatga musulmonlar kirishiga taqiqlov sifatida qabul qildi. "Siz farmonni boshidan oxirigacha, to‘liq o‘qib chiqishingiz mumkin, keyin yana bir marta qayta o‘qib chiqing - musulmonlarni kiritish borasida hech qanday taqiqlov yo‘q", - deydi muallif. 

"Trampning farmoni - Amerika qadriyatlariga xiyonat qilish emas. Agar u to‘g‘ri qo‘llansa, bu millat himoyasini ta'minlaydigan yangi siyosat muqaddimasi bo‘lishi mumkin", - deya xulosa qiladi National Review jurnalisti. 

Mavzuga oid
Top