Jahon | 21:15 / 10.02.2017
21710
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Bosh shtabi: Rossiya tomoni turkiyalik harbiylar qayerda joylashganidan xabardor edi

Foto: Reuters

Turkiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma'lum qilishicha, rossiyalik harbiylar hodisa ro‘y berishidan bir kun oldin Suriyadagi turkiyalik harbiylar qaysi nuqtada bo‘lgani haqida xabardor qilingandi. Bu haqda Bosh shtab tarqatmasida aytilgan.

"9 fevral kuni Rossiya samolyotlari aviazarbasiga uchragan harbiylarimiz keyingi 10 kun davomida shu nuqtada bo‘lib turgandi. Oxirgi marta 8 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi nazoratida bo‘lgan hududdan raketa uchib kelgach, mahalliy vaqt bilan soat 23:11da bizning harbiylarimiz turgan hudud koordinatalari Xmeymimdagilarga ma'lum qilingandi. Xuddi shu vaqtda RFning Anqaradagi harbiy attashesi Bosh shtab qarorgohiga chaqirilib, unga ham bu ma'lumotlar qayta ma'lum qilingandi", - deyilgan bayonotda.

"Afsuski, bizning harbiylarimiz Turkiya tomoni bergan koordinatalar asosida terrorchilarga aviazarba berish amaliyoti davomida turkiyalik harbiylarga ham zarba berdi, lekin bu vaqtda bu hududda turkiyalik harbiylar bo‘lmasligi kerak edi", - degan Rossiya prezidenti matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov.

Turkiya Bosh shtabi 9 fevral kuni 3 nafar harbiysi Rossiya HKK samolyotlari Al-Bob yaqinida amalga oshirgan harbiy amaliyot oqibatida halok bo‘lganini ma'lum qildi. Rossiya samolyotlari tashlagan bombalar tufayli yana 11 nafar turkiyalik harbiy jarohatlangan.

"9 fevral kuni ertalab, soat taxminan 08:40da (Toshkent vaqti bilan soat 10:40) IShID jangarilarini bombardimon qilish maqsadida bo‘lgan Rossiya HKK samolyotlari tashlagan bombalardan bir xatolik tufayli Turkiya harbiylari joylashgan binoga tushgan. Ulardan 3 nafari halok bo‘lib, 11 nafari jarohatlandi", - deya aniqlik kiritdi Bosh shtabda.

Turkiya tomoni ma'lumotiga ko‘ra, hodisa Suriyaning shimolidagi Al-Bob shahrini ozod etish uchun olib borilayotgan "Frot qalqoni" amaliyoti doirasida ro‘y berdi.

OAVda Al-Bobda ro‘y bergan hodisa aybdori qaysi tomon ekani aytildi

Mavzuga oid