14:00 / 13.02.2017
15530

«Asl oyna» Markaziy Osiyodagi eng yirik shisha idishlar ishlab chiqaruvchi korxonaga aylandi

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi «Asl oyna» aksiyadorlik jamiyatida Italiyadan keltirilgan yangi liniya ishga tushirildi.

Hozirga qadar korxonada Germaniyada ishlab chiqarilgan texnologiya asosida 130 xildagi dizaynda shisha mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan edi. Yangi liniya ko‘magida turfa xil ko‘rinish hamda sig‘imdagi rangli va rangsiz shisha idishlar tayyorlash yanada ko‘payadi. 

Ikkinchi pech qurilishi bo‘yicha xarajat miqdori 14 million dollarni tashkil qilgan. Loyihani hayotga tadbiq etishda dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchi korxonalari, jumladan, «Stara Glass», «Bottero» (Italiya) va «EME MASCHINENFABRIK CLASEN GmbH» (Germaniya) ishtirok etgan.

Endilikda ushbu ikkinchi oyna eritish pechi va shisha buyumlar ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirgan korxona nafaqat O‘zbekistondagi, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik shisha idishlar ishlab chiqaruvchi korxonaga aylandi.

Ikkinchi liniya ishga tushirilishi evaziga korxona ishlab chiqarish quvvati 80 foizga o‘sdi, shuningdek, ishlab chiqariluvchi mahsulotlar qatori kengaydi.

«Asl oyna» AJ shisha ishlab chiqarish sohasida dunyo yetakchilaridan biri bo‘lmish Germaniyaning «Xayye interneshnl» kompaniyasi tomonidan zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan.

Narxi 11 million yevroni tashkil etuvchi mazkur texnologiya «Kapitalbank»dan olingan sarmoya evaziga xarid qilindi. U boshqa turdosh texnologiyalarga nisbatan elektr energiyasini 10 foizga tejaydi. 

Bugungi kunda korxona yiliga umumiy qiymati 38 milliard so‘m bo‘lgan 100 million dona shisha idish ishlab chiqaradi. Shundan 30 foizi eksportga chiqariladi.

Korxona ichki bozor ehtiyojiga ishlash bilan bir qatorda, o‘tgan yili 2,5 million dollarlik mahsulot eksport qildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 4 million dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda. 

«Asl oyna» AJ 2018-2021 yillar davomida ishlab chiqarish quvvati kuniga 350 tonna bo‘lgan uchinchi va to‘rtinchi oyna erituvchi pechlar qurishni ham rejalashtirilgan. Bu loyiha 40 million dollar atrofida baholangan.

Top