O‘zbekiston | 22:32 / 16.02.2017
18236
8 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat vazirligi faoliyatining asosiy vazifalari belgilab berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Farmon matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Madaniyat va sport sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, mazkur sohada O‘zbekiston xalqining boy va o‘ziga xos madaniyati, san'ati va ijodiyotini yanada rivojlantirishni ta'minlashga yo‘naltirilgan davlat siyosatini amalga oshirish samaradorligini tubdan yuksaltirish, aholi keng qatlamlari orasida ma'naviy-axloqiy kamolot va sog‘lom turmush tarziga intilishni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatildi va uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilindi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari etib belgilangan:
madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, milliy madaniy va ma'naviy merosni asrab-avaylash va ko‘paytirish, san'at va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning ma'naviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirishni rag‘batlantirish, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish borasida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

aholi keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongiga mustaqillik, yuksak ma'naviyat, insonparvarlik an'analariga sadoqat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmdek yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash, jamiyatning muttasil ortib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan ma'rifiy ishlarni amalga oshirish; 

badiiy ijod, shu jumladan, teatr, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy san'atini yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish, xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa, ijodkor yoshlarga har tomonlama ko‘maklashish; 

madaniyat muassasalari, jumladan, teatrlar, madaniyat va aholi dam olish markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, muzeylar hamda boshqa madaniy-ma'rifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyat samaradorligini oshirish, ma'naviy yetuk, intellektual barkamol va yuksak madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishida ushbu muassasalar imkoniyatlaridan yanada to‘liq foydalanish; 

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jumladan, mahalliy hokimiyat idoralari, jamoat tashkilotlari, o‘quv yurtlari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan faoliyatning asosiy vazifa hamda yo‘nalishlarini, madaniy-ma'rifiy tadbirlarni amalga oshirishda, madaniyat va ijodiy muassasalar ishining samaradorligini ta'minlashda mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

madaniyat sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonini milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak ma'naviyat ruhida takomillashtirish, bunda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan, ilg‘or xalqaro tajribalardan foydalanish, madaniy-ma'rifiy muassasalar va o‘quv yurtlarini yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash; 

davlatlararo va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash, mamlakatimizning madaniy merosini, mamlakatimiz ijodiy jamoalari va mualliflari asarlarini, jumladan, konferensiyalar va ko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar va anjumanlar o‘tkazish yo‘li bilan chet ellarda keng targ‘ib qilish, madaniyat sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlar jalb etish, shuningdek, madaniyat sohasiga oid ommaviy adabiyotlarni chop etish, video va kino materiallar tayyorlash.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari etib belgilangan: 
jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi keng qatlamini sport bilan shug‘ullanishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga jalb etish, jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatimizning xalqaro sport maydonlaridagi yutuqlarini targ‘ib qilish va uning keng e'tirof etilishiga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari, ta'lim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda aholi, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar, keksalar, qishloq aholisi o‘rtasida sport hamda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishni ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish, shaharlar va tumanlarda ommaviy sport tadbirlari, milliy sport turlari bo‘yicha xalq o‘yinlari va musobaqalarini muntazam o‘tkazib borish; 

bolalar, ayniqsa, qizlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etgan holda, bolalar sportini har tomonlama rivojlantirish, bolalar sport ta'limi sifatini oshirish, barcha hududlarda, jumladan, qishloq va olis tumanlarda bolalar sport obektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish, uch bosqichli “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari o‘tkazilishini tashkil qilish, buning asosida bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash va ularning jismonan barkamol rivojlanishini ta'minlash; 

Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport turlari bo‘yicha federatsiyalar va assotsiatsiyalar bilan birgalikda iste'dodli va istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirishning uzluksiz tizimini takomillashtirish, ularning Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida, jahon va Osiyo chempionatlarida, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalar va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta'minlash uchun sifatli sport zaxirasi va mamlakat terma jamoalari tarkiblarini shakllantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish; 

mamlakatimizda professional sportni rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi, sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosog‘lom sport raqobatiga va taqiqlangan preparatlar ishlatilishiga qarshi tizimli choralar ko‘rishni rag‘batlantirish; 

jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlari, obektlari va inshootlarining ommaviy sport, bolalar sporti va professional sport yo‘nalishlari bo‘yicha moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, ulardan maksimal darajada va samarali foydalanishni ta'minlash, sport asbob-uskunalari hamda inventarlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil etish va kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda qatnashish; 

jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish hamda sport tashkilotlarini, ta'lim va sport-ta'lim muassasalarini yuqori malakali murabbiylar va boshqa sport mutaxassislari bilan ta'minlash; 

sport sohasida davlatlararo va xalqaro sport aloqalarini kengaytirish hamda mustahkamlash, jismoniy tarbiya va sport sohasiga xorijiy investitsiyalar va grantlar jalb etish borasidagi ishlarni tashkil qilish, ommabop sport dasturlarini tashkil etishga ko‘maklashish, jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid ommaviy adabiyotlar chop etish, video va kino materiallar tayyorlash.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid