O‘zbekiston | 19:42 / 22.02.2017
22955
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning turizm sohasidagi muammolari nimalardan iborat

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turizmning rivojlanishi va mamlakatning sayyohlik salohiyatidan yetarli darajada foydalanishga to‘siq bo‘layotgan asosiy sabablarni ma'lum qildi. Muammolar va yechimlar O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida o‘rta istiqbolda turizmni rivojlantirish bo‘yicha Kontseptsiyasini hayotga tatbiq etish choralari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida taqdim etilgan. Hujjat matni Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi saytida joylashtirilgan

Hujjatda qayd etilishicha, milliy sayyohlik mahsulotlarining raqobat bardoshligiga yashash va aviaparvozlar uchun yuqori narxlar, servis darajasining cheklanganligi, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalarning nomukammalligi, qulay sayyohlik axborot ta'minoti (navigatsiya va axborot markazlari) mavjud emasligi, malakali kadrlarning tanqisligi, O‘zbekistonni xorijda targ‘ib qilishning zaifligi jiddiy muammolardir. 

Bundan tashqari, sayyohlar uchun ma'muriy va iqtisodiy to‘siqlar, viza tartiblari, turizm faoliyati bilan shug‘ullanishda (litsenziyalash va sertifikatlash) davlat nazoratining o‘ta kuchli ekani shunday muammolar sirasiga kiradi. 

«Turizmning o‘sish sur'atini va iqtisodiyotning boshqa sohalari, aholi farovonligi o‘sishiga ijobiy ta'sirini e'tiborga olgan holda hamda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha choralar qabul qilish zaruratidan kelib chiqib, turizm sohasi mamlakat taraqqiyotining barqaror o‘sishida eng kuchli vositalardan biri bo‘lishi kerak», — deya ta'kidlanadi loyihada. 

Mavzuga oid