O‘zbekistonga qancha oliy ta'lim muassasasi kerak?
Ikki-uch ming talaba tahsil oluvchi institutni to‘laqonli oliy ta'lim muassasasi deb hisoblash mumkinmi? Bunday ta'lim dargohlari so‘nggi vaqtlarda global trend sifatida e'tirof etilayotgan oliy ta'lim muassasalarini kattalashtirish fonida qanday ko‘rinadi? O‘zbekistonda ham oliy ta'lim muassasalari tarmog‘ini optimallashtirish masalalari ularni yiriklashtirish orqali ko‘rib chiqilib, hal etiladimi? Jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev shu xususda o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
Ayni damda Samarqandda yettita oliy ta'lim muassasasi faoliyat ko‘rsatadi. Ularda 26 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Oliy ta'lim muassasalari bo‘yicha ko‘rinish quyidagicha: Samarqand davlat universiteti – 7200, Qishloq xo‘jalik instituti (SamQXI) – 5400, Arxitektura-qurilish instituti (SamDAQI) – 4505, Tibbiyot instituti (SamTI) – 2851, Xorijiy tillar instituti (SamDXTI) – 2465, Iqtisodiyot va servis instituti - (SamISI) – 2400, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiali (TATU) – 1229 nafar talaba.
Kichik oliy ta'lim muassasalarining borligi zamonaviy jahon tajribasi nuqtai nazaridan qanchalik o‘zini oqlaydi? Bu masalani o‘rganib chiqish, ko‘plab davlatlardagi mutaxassislar oliy ta'lim dargohlarini kattalashtirishni vaqt talabi hamda faqatgina shu orqali moddiy va moliyaviy manbalardan samarali foydalanish, ilmiy-tadqiqot ishini omadli ravishda olib borish mumkinligini ko‘rsatib beradi, deb hisoblashlarini namoyon qildi.
So‘nggi o‘n yil davomida oliy ta'lim muassasalarini yiriklashtirish global trendga aylandi. AQSh, Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, Xitoy bu ishda katta tajriba to‘pladi. Rossiyada bunday dargohlarni birlashtirish federal universitetlarni tashkil etish bilan boshlandi. Shu tariqa, uchta-to‘rtta oliy ta'lim muassasasining birlashtirilishi orqali Qozon federal universiteti, Uzoq Sharq federal universiteti, Sibir federal universitetlari paydo bo‘ldi. Jarayon hududiy tayanch universitetlarini yaratish orqali davom etmoqda.
Rossiyada 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan ta'lim rivoji konsepsiyasiga ko‘ra, bu muddat yakuniga qadar oliy ta'lim dargohlari filiallari miqdori 80 foizga, institut va universitetlarning o‘zi esa 40 foizga kamayishi kerak.
Hududiy oliy ta'lim muassasasini kattalashtirishga misol tariqasida quyidagi faktni keltirish mumkin. Samara davlat aerokosmik universitetiga (SDAU) Samara davlat iqtisodiyot universiteti qo‘shildi. Bunga qadar esa SDAUga yana bir hududiy asos oliy ta'lim muassasasi – Samara davlat universiteti qo‘shilgandi. Yangi oliy ta'lim dargohiga Samaradagi yana to‘rtta akademik institutlar biriktiriladi, bu esa bir yerda fundamental va amaliy ilm-fanni birlashtirish imkonini beradi.
Amaliyotning ko‘rsatishicha, nafaqat ma'lum bir yo‘nalishga ega oliy ta'lim muassasalari, balki turli yo‘nalishga egalari ham birlashmoqda. Turli yo‘nalishga ega oliy ta'lim dargohlarini birlashtirishda ilm-fanda yangi ilmiy yo‘nalishlarni ochish imkoni paydo bo‘ladi. Shuningdek bu kadrlar tayyorlashga ham yaxshi ta'sir ko‘rsatadi. Bu muammoni Samarqanddagi oliy ta'lim dargohlari misolida ko‘rib chiqamiz.
Masalan, SamDU, SamDAQI va TATU filialini birlashtirishda birinchi kurs talabalarining matematika hamda fizika bo‘yicha tayyorgarligi oshadi. Gap shundaki, joriy yilda o‘zining 90 yilligini nishonlaydigan oliy ta'lim muassasasida aniq fanlarni chuqur va har tomonlama o‘rganish uchun kuchli asos bor. O‘z vaqtida SamDUning amaliy matematika fakulteti TATU filialining asosi bo‘ldi. O‘shanda filial yaratmay turib, bu fakultetni kuchaytirish orqali, unda axborot texnologiyalari bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni ochish mumkin edi.
Yoki SamDU va SamISIni birlashtirib, kuchli iqtisodiyot fakultetini yaratish mumkin. Hozirgi kunda bunday fakultetlar har ikki oliy ta'lim dargohida bor. Birlashtirish ularning resurslarini yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda hamda ilmiy-tadqiqot ishini olib borishda ishlatish imkonini berardi. Shuni hisobga olish kerakki, Samarqand kooperativ instituti asosida tashkil etilgan SamISI iqtisodiy yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha katta tajriba hamda ko‘p yillik amaliyotga ega.
SamISI, SamDAQI, SamTI, SamQXI kuchli amaliy yo‘nalishlarga ega bo‘lib, universitetda esa fundamental ilm-fan rivojlangan. Birlashtirish amaliy va fundamental ilm-fanni kuchli bitta “mushtga” yig‘ish, ishlab chiqarishga ilmiy ishlanmalarni joriy etishni tezlashtirish imkonini beradi, shuningdek nazariyani amaliyotga yaqinlashtiradi va kadrlar tayyorlash tizimi yanada amaliy yo‘nalishga ega bo‘ladi.
Oliy ta'lim muassasalarini kattalashtirish jarayoni bo‘lib o‘tgan yoki davom etayotgan davlatlar mutaxassislari bekorga bunday birlashtirish oliy maktabni ham, ta'lim tizimining o‘zini ham, shuningdek ilm-fanni ham yangilashi mumkin, degan fikrda emaslar. Shu bilan birga, ularning ta'kidlashicha, oliy ta'lim muassasalari birlashish haqidagi qarorni ixtiyoriy ravishda qabul qilishlari kerak.
Yuqorida oliy ta'lim muassasalarini kattalashtirish masalasi Samarqand misolida ko‘rib chiqildi. Bu muammoni butun O‘zbekiston miqyosida olsakchi? Bu yerda eng asosiysi – umummilliy manfaatlar. Oliy ta'lim muassasalarini kattalashtirish g‘oyasini, agarda bu kuchli oliy ta'lim dargohlari yoniga moddiy, moliyaviy resurslarni jamlashtirish hamda oliy ta'lim muassasalari samaradorligini oshirishga olib kelsa, qo‘llab-quvvatlash lozim.
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024