09:08 / 03.03.2017
14661

Jinoyatni yashirgan profilaktika inspektoriga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Avval xabar berganimizdek, 2017 yil 2 mart kuni “Profilaktika kuni” munosabati bilan Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida OAV vakillari ishtirokida matbuot brifingi tashkil etildi. Unda Toshkent shahri prokurori o‘rinbosari Yorqin Abdullayev va Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev 2017 yil 23 fevralidan 1 mart kunigacha bo‘lgan hafta davomida olib borilgan ishlar yuzasidan axborot berishdi. 

Brifingda OAV xodimlarini qiziqtirgan turli masalalar yuzasidan ma'lumotlar berildi.

Xususan, yaqinda Toshkent shahar profilaktika inspektoriga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida Doniyor Toshxo‘jayev so‘zlab berdi. Uning aytishicha, o‘tgan oyda tadbirkorlardan biri o‘g‘irlik yuzasidan inspektorga murojaat qiladi, ammo keyinchalik da'vo arizasini yozmaslikka qaror qilgan. Jabrlanuvchining o‘z fikrini o‘zgartirishiga sotayotgan mahsulotlari orasida noqonuniy yo‘llar bilan bojxonada rasmiylashtirilmaganlari ham bo‘lgani asos bo‘lgan. 

Uchastka noziri ham jabrlanuvchi o‘z xohishi bilan ariza yozmagani sababli “yopig‘liq qozon”ni ochmaslikka qaror qilgan. Vaholanki, o‘g‘irlik sodir etilgani va moddiy zarar yetkazilgani fakt edi. Bu holat esa jinoyatni berkitish hisoblanadi. Qonun bo‘yicha uchastka inspektori ushbu ish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishi yoki surishtiruv ishini yuritishi kerak bo‘lgan. 

Biroq, birmuncha vaqtdan so‘ng, jabrlanuvchining onasi yetkazilgan zararning kattaligi sababli (6 mln so‘mlar atrofida) uchastka noziri ish ochmagani yuzasidan yuqori organlarga ariza bilan murojaat qiladi. Natijada IIBBda yig‘ilish o‘tkazilib, o‘z ishiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgan nozir vazifasidan ozod etilgan hamda unga nisbatan jinoyatni yashirganlik bo‘yicha ish ochilgan. 

Top