Ashxobod muzokaralari sarhisobi. O‘zbekiston Turkmaniston orqali Qora dengizga chiqishi mumkin
O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Gurbanguli Berdimuhamedov matbuot qarshisida chiqish qilib, bugungi uchrashuv ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochganini qayd etib o‘tdi.
O‘zA xabariga ko‘ra, Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganidan keyin davlat tashrifi bilan birinchi bo‘lib Turkmanistonga kelgani uchun minnatdorlik bildirib, bu tarixiy voqea mamlakatlarimiz hamkorligida foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solish va aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama aloqalar holati muhokama qilinib, xalqaro masalalar bo‘yicha fikrlar almashilgan. Davlat rahbarlari muzokaralar yakunida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalar bo‘yicha bir qator muhim hujjatlarni imzolashgan.
Ikki mamlakatning siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligini rivojlantirish borasidagi maqsad va yondashuvlari mushtarakligi, tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani ta'kidlandi.
Tashqi siyosat
O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va xalqaro huquqning umume'tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi. Turkmanistonning tashqi siyosati betaraflik, tinchliksevarlik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga qurilgan.
O‘zbekiston va Turkmaniston xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham izchil hamkorlik qilinmoqda.
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuv ikki davlatning turli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlaganiga ishonch bildirdi.
Turkmaniston rahbari qayd etishicha, muzokaralar vaqtida alohida e'tibor mintaqa xavfsizligi masalalariga qaratildi. U ikki mamlakatning qo‘shni Afg‘onistonda faqat siyosiy yo‘l bilan barqarorlik o‘rnatilishi borasidagi fikri ham mushtarakligini tasdiqladi.
Tomonlar terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashishgan hamda xalqaro terrorizmga qarshi kurash, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi kabi dolzarb muammolar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar doirasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olishgan.
"Alohida e'tibor esa Markaziy Osiyo hududida tinchlik va barqarorlikni ta'minlash masalasiga qaratildi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik bu jarayonning muhim tarkibiy qismi bo‘lmoqda. Bu o‘rinda pozitsiyalar aniq: ikki mamlakat ham Markaziy Osiyoning tinch va barqaror rivojlanishi uchun mustahkam va samarali mexanizm yaratilishini istaydi", degan turkmanistonliklar rahbari.
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ikki mamlakat ham Afg‘oniston muammosini hal etish borasida umumiy fikrdaligini, ya'ni muammoni faqat tinch va siyosiy yo‘l bilan, umummilliy muloqot vositasida hal etish mumkin degan fikrda ekanini qayd etgan. Davlat rahbarlari Afg‘onistonda BMTning tinchlikparvar kuchlari yanada faolroq va kengroq harakatlanishi lozimligini ta'kidlashgan.
Berdimuhamedov Turkmaniston va O‘zbekiston Afg‘oniston hukumatini xalqaro hamjamiyat muhim sohalarda, xususan, energetika va transport sohalarida qo‘llab-quvvatlashni susaytirmaslik kerakligi tarafdori ekaniga urg‘u qaratgan.
O‘zaro hamkorlik sohalari
Turkmaniston rahbari bu ikki davlat tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash masalalaridan tashqari boshqa bir qator sohalarda, jumladan, energetika xavfsizligi, xalqaro transport-tranzit aloqalari, ekologiya va atrof-muhitni asrash masalalarida ham muvofiqlikda harakat qiladi.
Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirishgan. Unda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e'tibor qaratilgan. Savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, eksport-import nomenklaturasini kengaytirish, tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish masalalari muhokama qilingan.
Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi mavjud salohiyatga mos emasligi, uni kengaytirish uchun iqtisodiyot tarmoqlaridagi imkoniyatlarni yana bir bor tahlil etish zarurligi ta'kidlangan.
O‘zbekistondan Turkmanistonga transport vositalari, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, elektr va mexanika uskunalari, metall buyumlar va turli sohadagi xizmatlar eksport qilinadi. Turkmanistondan yurtimizga neft mahsulotlari, propilen polimerlari va boshqa kimyoviy tovarlar keltiriladi.
Hukumatlararo tadbirlar, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi uchrashuvlar aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. 2016 yilning sentabr va shu yil yanvar oylarida Toshkentda Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tgandi.
Xalqaro transport va tranzit yo‘lagi
Transport sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanishi e'tirof etilgan. O‘zbekiston hududi orqali Turkmanistonga, Turkmaniston hududi orqali O‘zbekistonga yuk tashiladi. Mamlakatlarning o‘zaro integratsiyalashgan avtomobil va temir yo‘llari uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda.
"Transport sohasida kuchli va zamonaviy infratuzilma yaratish bo‘yicha hamkorlik davom ettiriladi. Bu hamkorlik Markaziy Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq transport tizimlarini birlashtiradi", deydi Berdimuhamedov. U Turkmaniston O‘zbekiston-Turkmaniston-Kaspiy dengizi-Janubiy Kavkaz yo‘nalishida transport yo‘lagi tashkil qilish orqali, Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa mamlakatlarning Qora dengizdagi portlariga chiqish imkoniyatini ham o‘z ichiga olishini aytib o‘tgan.
U 2011 yil 25 aprelda imzolangan Eron Islom Respublikasi, Ummon sultonligi, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi bitim (Ashxobod bitimi) faollashtirilishi bo‘yicha kelishuvga erishilganini qayd etgan. Ushbu bitim Markaziy Osiyo mamlakatlari, Fors ko‘rfazi hamda Ummon dengizi portlari o‘rtasida tovarlarni uzluksiz tashish va tranzit uchun ishonchli transport yo‘lagini yaratishga yo‘naltirilgan.
Davlat rahbarining ushbu tashrifi doirasida ochiladigan Amudaryo ustida qurilgan avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari mazkur transport yo‘lagining muhim qismi hisoblanadi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik
Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilgan tomonlar bu sohada umumiy fikrga kelgan. "Ikki davlatning mavjud sanoat va infratuzilmaviy salohiyatlari bu jarayonda katta rol o‘ynaydi", degan Turkmaniston rahbari.
Turkmaniston prezidenti agrosanoat sohasini ikki davlat ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib kelayotgan muhim yo‘nalish sifatida baholagan va O‘zbekiston tomonida qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib kelayotgani uchun minnatdorchilik bildirgan.
"Keyingi yillarda O‘zbekistondagi zavodlarda ishlab chiqarilayotgan avtomobil va texnikalar xaridorgir bo‘lmoqda. O‘zbekistondagi korxonalar kimyo sanoati mahsulotlari ishlab chiqarishda ham ulkan tajribaga ega. Buning evaziga ikki tomonlama tovar aylanmasini sezilarli darajada o‘stirish imkoniyati mavjud", degan turkmanistonliklar rahbari.
O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham uglevodorod resurslariga boy. Ularni eksport qilish o‘zaro muvofiq harakat qilishni talab etadi. Ana shunday yaqin hamkorlik ikki mamlakat uchun energetika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va jahon bozorlariga chiqish borasida keng imkoniyatlar yaratmoqda. 2009 yilda ishga tushgan Turkmaniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy gaz quvuri buning yorqin misolidir.
Muzokarada hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishga solish, savdo-iqtisodiy aloqalar qamrovini kengaytirish, hududlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligini rivojlantirishga kelishib olindi.
Transchegaraviy daryolardan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik
Turkmaniston rahbari uchrashuv chog‘ida gumanitar sohada hamkorlikni davom ettirish xususida ham kelishuvga erishilganini qayd etgan.
"Ikki davlat – bitta tarix, bitta madaniyat, bir xil an'ana va odatlar", degan Berdimuhamedov. U ikki birodar xalq bundan keyin ham do‘stona aloqalarni mustahkamlashda davom etishiga ishonch bildirgan.
O‘zbek va turkman xalqlarining tarixi va madaniyati mushtarak, urf-odat va an'analari o‘xshash. Ajdodlarning ilmiy-ijodiy merosi xalqlarning umumiy mulkiga aylangan. Bu yaqinlik madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik rivojiga mustahkam asos bo‘lmoqda. Ikki mamlakat madaniyat va san'at namoyandalari, sportchilari O‘zbekiston va Turkmanistonda o‘tkaziladigan turli konsertlar, festival va ko‘rgazmalar, sport musobaqalarida faol ishtirok etmoqda. 2016 yil sentabrda Turkmanistonda o‘zbek kinosi kunlari, noyabrda O‘zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlari o‘tkazildi.
Mamlakatlar sayyohlik sohasida ham ulkan imkoniyatlarga ega. “Buyuk ipak yo‘li” loyihasi doirasida o‘zaro bog‘langan sayohatlar tashkil etilmoqda.
Ilm-fan sohasidagi hamkorlik ham yuksalmoqda. Ikki mamlakat olimlari qishloq xo‘jaligi, neft kimyosi va boshqa sohalarda birgalikda izlanishlar olib bormoqda.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni, O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida 2018-2020 yillarda iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid memorandum, 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar hamkorlik dasturi, 2017-2018 yillarda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi, O‘zbekistondan Turkmanistonga qishloq xo‘jaligi texnikalari va kimyo mahsulotlari yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi. Xorazm viloyati bilan Dashovuz viloyati, Buxoro viloyati bilan Lebap viloyati hokimliklari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
Turkmaniston prezidenti O‘zbekiston – strategik muhim hamkor ekanini ta'kidlab, ikki tomonlama hamkorlik teng huquqlilik, o‘zaro hurmat, oshkoralik va ishonch asosida mustahkamlanishini qayd etib o‘tgan.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda prezidentlar ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama etish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat yaratganini ta'kidladilar. Muzokaralar ochiqlik, o‘zaro anglashuv va do‘stona ruhda o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari manfaatlariga xizmat qilishi qayd etildi.
Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p tarmoqli hamkorlik ikki davlat xalqlarining tub manfaatlarini ifoda etishi, bu hamkorlik mintaqaviy va xalqaro jarayonlarga ijobiy ta'sir ko‘rsatishiga ishonch bildirgan.
O‘zbekiston prezidenti delegatsiya a'zolariga minnatdorchilik bildirar ekan, Turkmaniston prezidenti muzokaralar yakunidan mamnun ekanini bildirgan va O‘zbekiston xalqiga eng yaxshi tilaklarini bildirgan.
Mavzuga oid
21:50 / 10.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Ashxobodga yetib bordi
10:00 / 02.06.2024
Tatimagan tekin muzqaymoq, Ashxoboddagi janjal va noodatiy mega tirbandlik, – 1 iyun Toshkentda qanday o‘tdi?
14:18 / 01.06.2024
Toshkentda 1 iyun kuniga rejalashtirilgan «tekinga narsa tarqatish» kabi turli aksiyalar to‘xtatildi
13:10 / 11.03.2024