Jamiyat | 16:43 / 07.03.2017
9415
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar saratonni ilk bosqichlardayoq aniqlash usulini kashf qilishdi

Kaliforniyalik biologlar qonda saraton hujayralari izini topib, o‘simta o‘sayotgan joyni erta bosqichlarda zararsizlantirishga imkon beruvchi qon tahlili uslubini ishlab chiqishdi. Nature Genetics jurnalida shunga oid maqola chop etildi

"Biz bu usulni tasodifan kashf qildik. Dastlab biz oddiy usulni qo‘llashga harakat qildik, biz shunchaki organizmda saraton hujayralari izlarini izlab, ularning qayerda paydo bo‘lishini aniqlashga urinayotgandik. Boshqa hujayralardan kimyoviy signallarni sezganimizda shuni anglab yetdikki, ularning uyg‘unlashuvi organizmda o‘simta bor yoki yo‘qligini hamda uning qayerda o‘sayotganini tushunib yetishga imkon berar ekan", - deydi San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti olimi Kun Chjan. 

Har yili millionlab kishilar saratonning turli shakllari natijasida hayotdan ko‘z yumadi. Ularning katta qismi (Amerika sog‘liqni saqlash xizmati statistikasiga ko‘ra, 90 foizi) saraton tashxisining haddan tashqari kech qo‘yilishi, ya'ni saraton hujayralari organizmda tarqala boshlab, immun tizimi bunga qarshilik qila olmasligi  bilan bog‘liq. 

Shuning uchun olimlar so‘nggi yillarda saratonni erta bosqichlarda aniqlash vositalarini ishlab chiqishmoqda. 

Tibbiyot xodimlari bu algoritmni Kaliforniya universiteti klinikasida davolanayotgan saratonga chalingan kishilarning qon namunalarida amalda tekshirib ko‘rishdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Chjan va uning hamkasblari algoritmi saraton manbaini 82-90 foiz aniqlik bilan topishga imkon beradi. Olimlar erta va aniq tashxis saraton tufayli hayotdan ko‘z yumuvchi kishilar sonini kamaytirishiga umid qilishmoqda. 

Mavzuga oid