Toshkentda «Markaziy Osiyo - Fors ko‘rfazi» yo‘lagi ishtirokchilari tariflarni muhokama qilishdi
Toshkent shahrida Eron Islom Respublikasi, Ummon sultonligi, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi bitim (Ashxobod bitimi) doirasida tuzilgan ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yilning 23 aprelida 2011 yilning 25 aprelida Ashxobodda imzolangan bitim kuchga kirgandi.
Transport xarajatlarini optimallashtirish maqsadida yuklarni tashish tezligini oshirishga, shuningdek rasmiy hujjatlar, tartib-qoidalarni osonlashtirish va uyg‘unlashtirishga imkon yaratadigan ushbu bitimni yuqorida nomi keltirilgan 4 davlatdan tashqari Fors ko‘rfazidagi Qatar ham imzolagandi. Ammo 2013 yilda Qatar ushbu loyihadan chiqishini ma'lum qildi. 2014 yilning avgustida Ummon poytaxti Maskat shahrida O‘zbekiston, Eron, Turkmaniston va Ummon TIV rahbarlari transport yo‘lagini yaratish bo‘yicha bitimning amalga oshirilishi bo‘yicha memorandum tasdiqlandi.
Ma'lumot uchun, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Fors ko‘rfazi hamda Ummon dengizi portlari o‘rasidagi tovarlarni uzluksiz tashishga va tranzit uchun ishonchli transport yo‘lagini yaratishga yo‘naltirilgan bu loyiha tashabbuskori O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bo‘lgandi. U 2010 yilning oktabrida Ashxobodga rasmiy tashrifi vaqtida ushbu tashabbusini bildirgandi.
Bugungi uchrashuvda tomonlar kelishuv ishtirokchilari bo‘lgan mamlakatlar hududlaridagi asosiy transport yo‘nalishlari haqidagi ma'lumotlarni ko‘rib chiqishgan.
"Tomonlar bir oy muddat ichida depozitariyga (Turkmaniston) ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishida tasdiqlash uchun qator takliflarni taqdim etishi lozim", — deyilgan xabarda.
Gap, xususan, avtotransport vositalari uchun "yashil yo‘lak" tashkil etish, yuklarni saqlash va yuklash uchun qulay sharoit va samarali sxemalarini yaratish hamda dengiz portlari prichallaridan foydalanish haqida boradi.
Yig‘ilish ishtirokchilari kelishuv doirasidagi portlar hamda chegara o‘tkazish punktlaridagi yig‘imlar, bojlar va boshqa to‘lovlar haqidagi ma'lumotlarni tinglashgan. Tomonlar shuningdek, "Markaziy Osiyo — Fors ko‘rfazi" yo‘lagiga kiruvchi avtomobil va temir yo‘l yo‘nalishlari ro‘yxatini tasdiqlash uchun ishchi guruhi qo‘mitasiga taqdim etishga kelishishdi.
Tranzit yo‘lagi raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish, shuningdek, kelgusida yo‘lak orqali tashiladigan tranzit yuklari hajmini oshirish maqsadida temir yo‘l orqali tashish tariflarini birxillashtirishga kelishib olingan.
Uchrashuvda shuningdek, chegara punktlaridan o‘tkazish vaqtidagi rasmiy protseduralarni soddalashtirish chora-tadbirlarini qabul qilish zarurligi e'tiborga olib o‘tilgan.
Bundan tashqari, majlis ishtirokchilari transport sohasidagi amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan investitsion loyihalarni ko‘rib chiqishgan. Bunday loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bitim doirasidagi mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishini ta'minlashi, tranzit yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi oshishiga imkon berishi qayd etib o‘tildi.
Transport yo‘lagi loyiha ishtirokchilari bo‘lgan mamlakatlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy va sanoat infratuzilmasini barpo etish, yirik tashqi investitsiyalarni jalb etish borasida muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.
Majlis yakunida majlisning yakuniy protokolini imzolash marosimi bo‘lib o‘tgan.
Mavzuga oid
08:52 / 28.09.2024
Senatning navbatdagi yalpi majlisi 30 sentabr kuni chaqiriladi
16:49 / 28.03.2024
Senatning ellik birinchi yalpi majlisi 30 mart kuni chaqiriladi
08:13 / 28.09.2023
Senatning 45-yalpi majlisi 29 sentabr kuni chaqiriladi
07:59 / 05.08.2023