Buxoroda soxta tabiblik qilib 500 ming dollar pul ishlagan traktorchi aniqlandi
Ko‘cha yoqasida joylashgan tomorqasida yer ag‘darib turgan Matrayim tog‘a oldiga kelib to‘xtagan mashinadan tushib kelayotgan, po‘rim kiyingan kishini ko‘rib, qo‘shnilardan birinikiga mehmon keldi, shekilli, deb ko‘nglidan o‘tkazdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
- Assalomu alaykum, aka. Burjoq qishlog‘imi?
- Ha-ha, keling mehmon! Sizga kim kerak edi?
- Qahramon tabibning uyini izlab kelayapmiz. O‘g‘lim xasta, - dedi ma'yus tortib haligi kishi. – Kim dedingiz? Qahramon tabib... tabib.., - biroq o‘ylanib qoldi Matrayim tog‘a. – Tabibligini bilmadim-u, ammo hov narigi hovli traktorchi Qahramonning uyi.
Matrayim tog‘a o‘yga toldi: “Yo tavba! Qahramon traktorchi kecha qo‘llari moyga botib yurgan edi-ya... Bugun bir yumalab, tabib bo‘lib qolibdi... Oyog‘i bilan davolarmish, deng. Yo, tavba...”
Noyob xislat...
Olot tumani Burjoq qishlog‘ida karomatgo‘y, avliyosifat tabib chiqibdi. U devlari, parilari yordamida har qanday kasalni davolarmish, degan uzuq-yuluq mish-mishlar nafaqat Buxoro viloyati, balki butun respublika bo‘ylab, hatto qo‘shni Qozog‘iston, Turkmaniston tomonlarga ham tarqalib ketdi. Mashinalar oqimi bir zumda to‘xtamaydi. Dardmand ko‘p... Kimdir onasini, yana birov farzandini, boshqasi yaqin kishisini davolatish uchun Qahramon tabibga olib kelaverdi. Bir oy oldin o‘rtahol yashab turgan bu xonadon ko‘p o‘tmay bemorlar ostonasida navbat kutib turadigan najot maskaniga aylanib, shohona tus ola boshladi.
Fursatdan foydalangan traktorchi tabib biroz bosh qotirib, o‘zining “usul”ini topdi. Sodda odamlarning ishonchiga kirib olish uchun targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘ydi. Bir kunda 130 nafar bemorni qabul qilsa, 300 kishiga o‘zining “noyob” xislatlarini isbotlovchi g‘irt yolg‘on ma'lumotlarni tarqatib, go‘yo o‘zini bepul xizmat qilayotgandek qilib ko‘rsata boshladi. Achinarlisi, u turmush o‘rtog‘i G.Po‘latova, o‘g‘li V.Po‘latov, qizi Sh.Po‘latova hamda hamshiralar D.Salimova, N.Navro‘zova, N.Tog‘ayevalarni ham o‘ziga sherik qilib oladi.
Qaltis yo‘l
Qahramon Po‘latov 2011 yil oxiridan 2016 yilning 16 may kuniga qadar respublikaning barcha viloyatlaridan davolanish maqsadida kelgan fuqarolarga yashash uyida tibbiy xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish shoxobchasini tashkil qilib, bir kunda 130 nafar bemorni qabul qiladi. Ularning har biridan kuniga 10 ming so‘mdan pul olib, 2012 yildan 2015 yilgacha 1 mlrd. 872 mln. so‘m, 2016 yil 13 aprel – “Po‘latov Qahramon Ziyonur” xususiy korxonasini tashkil qilguniga qadar esa 131 mln. so‘m, jami 2 mlrd. 3 mln. so‘m noqonuniy daromad topadi.
Shuningdek, tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, qabuliga kelgan bemorlarga har kuni bir mahal o‘zi va shogirdlari bilan birga oyoq va qo‘llaridagi ilohiy nur orqali davolashini aytib, odamlarni ishontiradi.
Noqonuniy faoliyat ortidan...
Q.Po‘latov turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li va qizi hamkorligida jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘lariga qonuniy tus berish va shu yo‘l bilan faoliyatini rivojlantirish maqsadida qishlog‘idagi 1,03 gektar yer maydonini noqonuniy egallab oladi va o‘zboshimchalik bilan bino quradi. Shuningdek, “Neksiya”, “Spark”, “Lasetti”, “Damas” rusumli avtomashinalar hamda “TTZ-80-11” rusumli traktorni sotib olib, turmush o‘rtog‘i va o‘g‘il-qizlarining nomiga rasmiylashtiradi. Bundan tashqari, 76 mln. 300 ming so‘mga baholangan 54 bosh qoramolni xarid qiladi.
Yuqorida qayd etilganidek, 2016 yil 13 aprelda “Po‘latov Qahramon Ziyonur” xususiy korxonasi tashkil qilinadi. Bu paytda odamlar avliyosifat tabibga kirish uchun bir necha kunlab navbat kutishar, o‘sha atrofda tunab qolishlariga to‘g‘ri kelardi. “Tabib” yana saxovat ko‘rsatib, odamlarga qulaylik yaratish maqsadini bahona qilib, hovlisi ichida oshxona hamda savdo do‘koni tashkil qiladi. Yaxshilik savob-ku, dersiz?! Biroq Q.Po‘latovning bu xayrli ishi ham qonunlarga asoslangan bo‘lganida qani edi?!
Natijada kirim hujjatlari bo‘lmagan 7 mln. 344 ming so‘mlik oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari, 753 ming so‘mlik har xil turdagi iste'molchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan oziq-ovqat mahsulotlari, tamaki, yaxna ichimliklar va sifat sertifikati bo‘lmagan orgtexnika tovarlari, umumiy miqdorda esa jami 15 mln. 577 ming so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning, shuningdek, tibbiy xizmat ko‘rsatishdan tushgan 2 mln. 792 ming so‘m, 960 AQSh dollari va 46 mln. 293 ming so‘m, shuningdek, 2016 yil aprel-may oylarida fuqarolarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatdan tushgan 166 mln. 754 ming so‘m pullarni nazorat-kassa mashinasidan o‘tkazmay, bank muassasalariga ham topshirmay, savdo qoidalarini buzadi.
Garov
2016 yil 16 may kuni Q.Po‘latov xonadoniga tashrif buyurgan tuman IIB, tuman DSENM xodimlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Olot tuman bo‘linmasi raisi hamda MFY posboniga oila a'zolari bilan qarshilik ko‘rsatadi. Bu ham yetmaganidek, qabulga kelgan va yotib davolanayotgan fuqarolarni yordamga chaqirishadi. Hokimiyat vakillarining faoliyatini noqonuniy, deya ular bemorlarni davolashga qarshilik qilayotganliklarini aytib, to‘polon ko‘tarishadi. Tabibga ergashgan soddalar esa uning ko‘rsatmasi bilan o‘z vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakillarini urishdan ham tap tortishmaydi.
Sudga oid tibbiyot ekspertizasining 2016 yil 17 maydagi xulosasiga ko‘ra, bir necha nafar IIB xodimlari hamda bir nafar DSI xodimiga yengil tan jarohati yetkazilgan. Ularning xizmat kiyimlarini yirtib, ularning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilishgan.
Q.Po‘latov esa soxta obro‘ orttirish maqsadida uni qo‘llab-quvvatlagan ommadan g‘ururlanib ketib, hovlisi ichida ma'ruza qiladi.
Hammamiz birlashib, bu “tekshiruvchilar”ning birortasini ham hovlidan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Ular bizdan tiz cho‘kib, kechirim so‘rashsin, bundan keyin ishlarimizga aralashmasinlar, - deydi tabib qat'iy ohangda.
Tabibning gapi-gap, deb tushungan kishilar xuddi shunday qilishadi, tinch, osuda zamonda hokimiyat vakillarini garovga olishadi...
Sir fosh etildi
Ma'lum bo‘lishicha, Q.Po‘latov tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi yordamida Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘zining nomiga butunjahon ruhshunoslar, vrachlar va xalq tabobati assotsiatsiyasining haqiqiy a'zosi ekanligi haqidagi sertifikat, Qozog‘iston Respublikasidagi “Kurtka tayip” akademiyasining haqiqiy a'zoligi to‘g‘risidagi guvohnoma hamda ko‘krak nishoni, Qozog‘iston Respublikasi Olmaota shahridagi o‘quv markazida butunjahon xalq tabobati mutaxassisligi bo‘yicha 2016 yil 1 martdan 31 mart kuniga qadar o‘qiganligi va tayyorgarlik o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomani qalbakilashtirib olgan ekan. Keyin esa ushbu hujjat va ko‘krak nishonlarining suratini kattalashtirib, uyining kirish joyiga ilib qo‘yadi va o‘zini go‘yo ilohiy kuch sohibidek qilib ko‘rsatadi.
Bu hodisa tezda tumanga, viloyatga tarqalib ketdi. Quyushqondan chiqib ketgan tabib voqea joyiga yetib kelgan tuman hokimiga ham o‘zining tuturiqsiz talablarini qo‘ya boshladi. Shaxsiy manfaati yo‘lida shuncha qabihlikka aqli yetgan Q.Po‘latov qonun oldida barchaning teng ekanini, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan borki, albatta jazoga tortilishi muqarrar ekanini o‘ylab ko‘rmadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining hukmiga ko‘ra, Q.Po‘latov eng kam ish haqining 150 baravari miqdorida jarimaga tortildi hamda 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. O‘g‘li V.Po‘latov esa 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortildi. Shuningdek, jinoiy guruhning boshqa a'zolari ham O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortildilar.
Tavsiya etamiz
Alonso «Real»da. Endi kim o‘zgaradi – klub yoki murabbiy?
Sport | 11:37 / 29.05.2025
Chet ellik jangchilar, xususan o‘zbeklar Suriyadan quviladimi?
Jahon | 21:35 / 28.05.2025
Moskvada shaharni bilishini isbotlab bermagan taksichilar jarimaga tortiladi
Jahon | 20:35 / 27.05.2025
Bozor – go‘sht narxi haqida: “Yem-xashak qimmat, mol boqish oson bo‘lmay qoldi”
O‘zbekiston | 17:00 / 27.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
O‘zbekiston va Italiya atom energiyasi sohasida hamkorlik qiladi
O‘zbekiston | 16:09
-
AQShning G‘azo bo‘yicha sulhi: Isroil qabul qildi, Hamas ko‘rib chiqmoqda. Tafsilotlar
Jahon | 16:07
-
“Beton, g‘isht quyish ham qo‘limdan keladi” – rishtonlik suvoqchi qiz hikoyasi
Jamiyat | 15:21
-
Rossiya Mudofaa vazirligi urushda shikastlangan texnikalarni metallolom uchun sotmoqda
Jahon | 15:14
Mavzuga oid

20:22 / 29.05.2025
Buxoro uchun Xitoydan 27 ta zamonaviy avtobus xarid qilindi

16:16 / 16.05.2025
Tanzila Norboyeva Buxoroda jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalarini muhokama qildi

14:39 / 16.05.2025
Buxoroda yo‘ldan o‘tayotgan ayol ekskavator bosib ketishi oqibatida halok bo‘ldi

19:05 / 12.05.2025