20:00 / 13.03.2017
7255

Yevropa Ittifoqi Rossiya va Ukraina fuqarolariga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi

Yevropa Ittifoqi dushanba, 13 mart kuni Rossiya va Ukraina fuqarolariga nisbatan kiritilgan sanksiyalarni uzaytirdi. Bu haqda YeI Kengashi saytida xabar berildi.

O‘z ichiga aktivlarni muzlatib qo‘yish va hamdo‘stlik mamlakatlariga kirishga qo‘yilgan taqiqni qamrab olgan cheklov choralari 15 sentabrga qadar uzaytirilgan.

Ta'kidlanishicha, bunday qaror YeI Rasmiy jurnalida taqdim etilgach, 14 martdan kuch kiradi. U “Ukraina suvereniteti va mustaqilligi, hududiy yaxlitligini qo‘poruvchi yoki unga tahdid qiluvchi harakatlar” uchun qabul qilindi.

Qora ro‘yxat qaytadan ko‘rib chiqildi – undan vafot etgan ikki shaxs olib tashlandi. Gap Donbass ko‘ngillilari yetakchisi Arseniy Pavlov va “Lugansk xalq respublikasi” bosh vaziri lavozimida ishlagan Gennadiy Tsipkalov haqida bormoqda.

Ayni damda ro‘yxatda 150 jismoniy shaxs (ular rossiyalik ba'zi bir siyosatchilar, harbiy amaldorlar, tadbirkorlar, “DXR” va “LXR” vakillari), shuningdek 37 tashkilot bor. Ularga nisbatan sanksiyalar ilk bora 2014 yilning martida kiritilgan.

Bu cheklov choralari to‘plamidan tashqari, shuningdek Rossiya iqtisodiyotining moliyaviy, energetik va mudofaa-sanoat sohasiga oid sanksiyalar ham bor (2017 yilning 31 iyuliga qadar). Bryussel Qrimga qarshi cheklov choralarini ham kiritgan (2017 yilning 23 iyuniga qadar uzaytirildi).

Mavzuga oid
Top