Jahon | 19:09 / 13.03.2017
4032
2 daqiqa o‘qiladi

Ostonada Suriya bo‘yicha navbatdagi muzokaralar boshlanmoqda. Qanday masalalar ko‘riladi?

Foto: RIA "Novosti"

Suriya hukumatining Bashar Jaafari boshchiligidagi delegatsiyasi Ostona shahriga yetib keldi, bu yerda 14-15 mart kunlari Suriya bo‘yicha navbatdagi muzokaralar o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda RIA "Novosti".

Ostonada Suriya bo‘yicha yuqori darajadagi navbatdagi xalqaro uchrashuv seshanba kuni boshlanadi. Qozog‘iston TIV ma'lumotiga ko‘ra, 14 mart kuniga dastlabki maslahatlashuvlarni o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lsa, 15 mart kuni umumiy majlis bo‘lib o‘tadi.

Yanvar oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ostonada Suriya tinchlik jarayoni bo‘yicha qo‘shimcha muzokaralar maydonini tashkil etish haqidagi taklifi Turkiya va Qozog‘iston prezidentlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ostonada Suriya bo‘yicha muzokaralarning birinchi bosqichi 23-24 yanvar kunlari bo‘lib o‘tdi. 15-16 fevral kunlari o‘tkazilgan ikkinchi bosqichda Suriyadagi sulh bo‘yicha Eron, Rossiya, Turkiya ishtirokidagi monitoring guruhini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabining bosh tezkor boshqarmasi boshlig‘i Sergey Rudskoy esa o‘tgan haftada 14-15 mart kunlariga rejalashtirilgan uchrashuvda Suriya Arab Respublikasida “Jabhot an-Nusra” va IShID terrorchilik guruhlari tuzilmalarining borligiga oid yagona xarita ishlab chiqilishi yakunlanishi haqida ma'lum qilgan. Shuningdek, asirlarni almashish bo‘yicha ishchi guruh va konstitutsiyaviy komissiyani tashkil etish muhokama qilinishi mo‘ljallangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid