Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Abdulla Aripov Turkiya elchixonasi o‘tkazgan tadbirda ishtirok etdi
Bugun O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan qabul marosim o‘tkazildi. O‘zbekiston mustaqilligini dunyoda birinchi bo‘lib Turkiya 1991 yil 16 dekabrda tan olgan. 1992 yil 4 martda esa ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.
Marosimni o‘zbek tilidagi ma'ruzasi bilan ochgan Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen O‘zbekiston mustaqilligi birinchi bo‘lib tan olinishida alohida ramziy ma'no borligini, u ham bo‘lsa, bir asrdan ziyod vaqt mobaynida aloqa qilishdan mahrum bo‘lgan qardosh o‘zbek xalqini sog‘inish bilan bog‘liqligini ta'kidladi. Turkiyalik diplomat qardosh O‘zbekistonda elchilik faoliyatini boshlaganidan mamnunligini bildirdi.

«Men Turkiya Respublikasi diplomati sifatida ota yurtimiz sanalgan O‘zbekistonda faoliyat yuritishni sharaf deb bilaman. Tili, dini hamda madaniyati mushtarak bo‘lgan do‘st va qardosh o‘lkaga elchi sifatida tayinlanishim menga iftixor bag‘ishlaydi. Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning 2016 yil 17-18 noyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi, Samarqanddagi Hazrati Xizr majmuiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishi qardosh mamlakatlarimiz hamkorligida yangi sahifa ochdi. 2017 yil mamlakatlarimiz hamkorligida yanada yuksalish yili bo‘lishiga ishonaman. Umuman, qardosh o‘zbek zaminidagi elchilik muhlatim mobaynida do‘stligimizni bundan-da mustahkamlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimni ishga solaman. Zero, O‘zbekistonga bir olam ezgu maqsadlar bilan tashrif buyurganman», – dedi turkiyalik diplomat.
Qayd etish kerakki, Ahmet Bashar Shen ikki oy davomida o‘zbek tilini chuqur o‘zlashtirgan, u bugungi marosimda ma'ruzani boshidan oxirigacha o‘zbek tilida o‘qidi.

Bugungi marosimda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi. Bu esa O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari har qachongidan ko‘ra iliqligini ko‘rsatadi. Zero, Turkiya elchixonasi uyushtirgan qabul marosimida O‘zbekiston hukumati rahbarining birinchi bor qatnashishi bo‘ldi.
«O‘zbek va turk xalqlari din, til, tarix va madaniy jihatdan bir-biriga juda yaqin. Turkiya bugun ulkan imkoniyatlarga ega va dunyo miqyosida e'tibor qozongan davlat sanaladi. Turkiya keyingi paytlarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. 2023 yilda Turkiya dunyoning rivojlangan davlatlari o‘ntaligiga kiritish dasturi hurmatga loyiq, albatta. O‘zbekiston o‘zining Strategik harakatlar dasturida Turkiya bilan munosabatlarga alohida e'tibor qaratgani bejiz emas. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri o‘zaro 15 marotaba oliy va yuqori darajadagi tashriflarning amalga oshgani ham har ikki tomonda munosabatlarni mustahkamlashga intilish borligini namoyon etadi», – dedi bosh vazir.
Ta'kidlash joizki, Turkiyaning O‘zbekiston bilan aloqalari yaxshilanishi nafaqat ikki mamlakat yoki mintaqa, balki butun dunyodagi kuchlar muvozanatiga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Negaki, Turkiya ham, O‘zbekiston ham strategik ahamiyatga ega, madaniyatlar va manfaatlar kesishgan chorrahada joylashgan.

Bosh vazir O‘zbekiston Turkiyaga o‘zining muhim va uzoq muddatli hamkori sifatida qarashini, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikni o‘zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi. O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining shu yil 26 fevral – 2 mart kunlari Turkiyaga tashrifi o‘zaro kelishuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
«Xalqimizda bir naql bor. Poyqadami qutlug‘ kelsin degan. O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida yangi sahifaning ochilishi Ahmet Bashar Shenning yangi elchi etib tayinlanishiga to‘g‘ri keldi. Bu uning qadami qutlug‘ kelganining ifodasidir», degan Aripov.
E'tirof etish joiz, qardoshlik aloqalarini chuqurlashtirish uchun asoslar yetarli. Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zaro imzolangan 90dan oshiq hujjat, jumladan, Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida bitim bunga poydevor bo‘ladi.

Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekistonga tashrifi arafasida Turkiyaning O‘zbekiston bilan aloqalarida yangi sahifa ochish istagida ekanini bildirgan edi.
«O‘zbekiston bilan aloqalarimizni ikki qardosh o‘lkaga yarashadigan bir saviyaga chiqarishni istaymiz. Bu jihatdan o‘zbek qardoshlarimizda ham kuchli bir iroda va qat'iyat borligini ko‘ryapmiz», – degandi u.
Abduvali Saybnazarov
Mavzuga oid
22:53 / 13.04.2026
Rossiya O‘zbekistonga neft va gaz yetkazib berish hajmini oshirishini ma’lum qildi
21:06 / 27.03.2026
O‘zbekiston 2026 yilda sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirishga tayyorlanmoqda
19:01 / 02.03.2026
Fors ko‘rfazi davlatlaridagi o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilinadi
20:55 / 17.02.2026