Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qasos o‘tida yonayotgan Rim, haqiqiy stadionda raqibini kutayotgan «MYu» va Yevropa ligasining boshqa uchrashuvlari haqida
Bugun Yevropa Ligasining 1/8 final javob uchrashuvlariga bo‘lib o‘tadi. Tribuna.Uz uchrashuvlar anonsi bilan tanishtirib o‘tadi.
Yevropa Ligasi, 1/8 final

Krasnodar (Rossiya) - Selta (Ispaniya) (16mart, 23:00, Match TV)
Vigoda kechgan birinchi uchrashuvda «Selta» 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. «Krasnodar» keyingi bosqichga chiqishi uchun 1:0 hisobdagi minimal g‘alaba ham qoniqtirishi mumkin. Bu ikki jamoa ham shu kungacha xalqaro maydonlarda o‘zaro to‘qnashmagandi.
Genk (Belgiya) - Gent (Belgiya) (16 mart, 23:00, Match! Futbol 3)
O‘ziga xos Belgiya derbisining birinchi uchrashuvida «Genk» mehmonda to‘p surishiga qaramay ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi — 2:5.
Nom jihatdan bir-biriga o‘xshab ketadigan jamoalar yevrokuboklarda ilk marta to‘qnash kelayotgan bo‘lsada, Belgiya Yupiler ligasi ular shu kungacha 32 marta kuch sinashgan. 12 uchrashuvda «Gent», 15 uchrashuvda esa «Genk»ning qo‘li baland kelgan. Beshta uchrashuvda durang qayd qilingan.
Beshiktosh (Turkiya) – Olimpiakos (Gretsiya) (16 mart, 23:00, Match! Arena)
Pireyda o‘tgan birinchi uchrashuvda tomonlar g‘olib nomi aniqlay olmadi. 1:1 hisobida yakunlangan uchrashuv ikki jamoaning ham imkoniyatlarini saqlab qolishiga sabab bo‘ldi.
Bu ikkala jamoa ham Yevropa ligasi uchrashuviga qadar rasmiy uchrashuvlarda o‘zaro duch kelishmagan. Ammo so‘nggi ikki mavsum avvalidagi yozgi turnelarda o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlarida bittadan uchrashuv o‘tkazgan. Ikkala jamoa hisobi ham bittadan g‘alaba mavjud.

Roma (Italiya) – Lion (Fransiya)(17 martga o‘tar kechasi, 01:05, Match! Futbol 2)
Yevropa Ligasi 1/8 final bosqichining eng markaziy uchrashuvi sifatida qaralayotgan ikki jamoa o‘rtasidagi dastlabki uchrashuvda fransuz klubi ajoyib kambekni amalga oshirib 1:2 hisobida yutqaza turib, 4:2 hisobida g‘alaba qozonib ketgandi.
Ikki jamoa shu kungacha YeChL doirasida bir marta pley-off bosqichida to‘qnash kelgan bo‘lib, Rimda hisob ochilmagan bo‘lsa, Lionda «Roma» 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan va chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. O‘tgan haftadagi uchrashuvga qadar «Lion» «Roma» darvozasiga gol kiritishning ham uddasidan chiqa olmayotgandi.
Borussiya (Myongxengladbax, Germaniya) – Shalke 04 (Germaniya) (17 martga o‘tar kechasi, 01:05, Match! Futbol 3)
Germaniya derbisining birinchi uchrashuvi Gelzenkirxenda bo‘lib o‘tgan va unda mezbonlar «Shalke» 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi.
Bu ikki jamoa ham bundesliga va Germaniya kubogi doirasida juda ko‘p marta to‘qnash kelgan bo‘lishiga qaramay, bu yevrokuboklardagi dastlabki to‘qnashuv bo‘lgandi. Bundesliga doirasidagi so‘nggi uchrashuv ikki hafta muqaddam bo‘lib o‘tdi va unda mezbon «Borussiya» raqibini 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Birinchi davrada kechgan birinchi davra uchrashuvida esa «Shalke» raqibi darvozasiga javobsiz 4ta to‘p kiritgandi.

MYu (Angliya) – Rostov (Rossiya) (17 martga o‘tar kechasi, 01:05, Match TV)
Rostovda o‘ta yomon holatdagi stadionda kechgan uchrashuvda g‘olib nomi aniqlanmadi — 1:1. Barcha masalaga «Old Trafford»dagi o‘yin oydinlik kiritib beradi.
Rostovdagi o‘yin ikkala jamoaning tarixdagi dastlabki uchrashuvi bo‘ldi. Shu kungacha ular biror marta ham ro‘baro‘ kelishmagandi.
Ayaks (Niderlandiya) – Kopenhagen (Daniya) (17 martga o‘tar kechasi, 01:05, Match! Futbol 1)
Bir hafta oldingi uchrashuvda ikkala jamoaning o‘zaro o‘yinlarida ilk marta mezbon jamoa g‘laba qozongandi. Ularning bundan oldingi o‘zaro to‘rttala o‘yinida ham mezbonlar g‘alaba qozona olishmagandi. 2001 yilda o‘sha payti UYeFA kubogi nomi ostida turnirda, Daniyada durang qayd etilgan bo‘lsa, Niderlandiyada «Kopenhagen»ning qo‘li baland kelgan. 10 yil muqaddam esa ikki jamoa YeChL saralash pley-offida duch kelgan. Unda Daniyada «Ayaks» (1:2), Niderlandiyada «Kopenhagen» zafar quchgan (0:2). O‘z uyida urilgan bitta ortiqcha gol daniyaliklarni guruh bosqichiga olib chiqqandi.
Bu safar esa «Kopenhagen» Korneliusning sa'iy-harakatlari evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Eslatib o‘tamiz, hali «Ayaks» hech qachon Daniya jamoasi to‘sig‘idan o‘ta olmagan.
Anderlext (Belgiya) – APOEL (Kipr) (17 martga o‘tar kechasi, 01:05, Match! Arena)
Bu ikkala jamoaning tarixdagi dastlabki uchrashuvi aynan o‘tgan hafta Kiprda bo‘lib o‘tdi. Unda «Anderlext» o‘zi uchun juda yaxshi imkoniyat hosil qilib, 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi.
Ma'lumot uchun, jamoalar o‘tgan bosqichda favoritlarni musobaqadan chiqarib yuborishgan. «APOEL» «Atletik»dan ustun kelgan bo‘lsa, «Anderlext» mehmonda kiritgan goli evaziga «Zenit»ni musobaqadan chiqarib yubordi.