Jamiyat | 22:51 / 16.03.2017
94618
17 daqiqa o‘qiladi

Lotin yoki kirill – qay biri ma'qul?

1993 yili «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonun e'lon qilingan edi. Oradan qariyb 24 yil o‘tdi, bu orada alifbo bir marta isloh qilindi, unga o‘tish muddati bir necha bor cho‘zildi. Xullas, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish masalasi ba'zi sub'yektiv-obektiv sabablarga ko‘ra haligacha hal etilgani yo‘q.

Hozirgi ahvolimiz qanday?

Hozir bizda qo‘shalifbo tizimi: ham kirill, ham lotin alifbosi teng qo‘llanmoqda. Biri ikkinchisi bilan raqobat qilmaydi, ziddiyatga bormaydi, ammo hech biri o‘z o‘rnini boshqasiga bo‘shatib bergisi yo‘q. Bu yaxshimi? Albatta, yaxshi emas.

Umuman olganda, alifbo almashtirish biz uchun yangilik emas. Hatto yuqorida tilga olingan qonunda ham «...o‘zbek yozuvining lotin alifbosiga o‘tilgan 1929–1940-yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib...», degan joyi bor. Faqat amalda bu tajriba kamlik qildi. 1929–1940-yillarda arab yozuvida savodi bo‘lgan aholi va bu yozuvda bitilgan yozma ilmiy-adabiy merosni 1993 yildagisi bilan hech solishtirib bo‘lmasligi hisobga olinmagan ekan. 

Bu safar yo‘nalishni o‘zgartirish oson kechmayapti. Xuddi yengil avto ulovni to‘xtatish bilan katta yuk poyezdini to‘xtatish bir narsa bo‘lmaganidek, katta ulovda inersiya uzoqroq davom etadi, xavf yuqori, talafot ham ko‘p bo‘ladi. Shunday deymizu, kirill alifbosidan voz kechgan boshqa sobiq ittifoq respublikalariga qaraymiz: turkmanlar, ozarbayjonlar bir pasda ulovni jilovlab, bo‘ysundirib, o‘z yo‘llariga solib olishdi-ya. Ularda lotin alifbosi kirillchani siqib chiqarganiga ancha bo‘lgan. Unda gap nimada? Gap ulovda ketayotganlarda — bizlarda.

Nega shunday ahvoldamiz?

Cho‘ntagingizdan milliy valyutamizni olib ko‘ring, ha, o‘zimizning so‘mni. Undagi yozuvlar qaysi alifboda? Kirillchada! Lotinlashtirish haqidagi qonun 1993 yili qabul qilindi, so‘mni esa 1994 yildan buyon ishlatib kelayapmiz. Undan keyin ham necha marta yangi kupyuralar muomalaga kiritildi. Yozuvlar yana o‘sha-o‘sha — kirill alifbosida. Biz buni sezmaymiz ham. Gazeta-jurnallarning nomi, sarlavhalari lotinchada bo‘lsa, maqolalarning o‘zi kirillchada. Ko‘cha nomlari, muassasalar, korxonalar, do‘konlar, dorixonalar... xullas, ko‘zga ko‘ringan peshyozuvlarning hammasida lotin alifbosidan foydalanilgani holda, ish yuritish kirillchada olib borilmoqda. Ha, biz qonunning ijrosiga darhol kirishmay, ko‘p vaqtni boy berdik. To‘g‘ri, qonunda «Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosini joriy etish bilan birga O‘zbekiston xalqining milliy iftixori bo‘lmish bebaho ma'naviy meros bitilgan arab alifbosini va kirillitsani o‘rganish va ulardan foydalanish uchun zarur sharoitlar saqlab qolinadi» deyilgan (2-modda). Ammo kirill alifbosi bu «qush huquqi»ni suiiste'mol qilib yuborgandek.
O‘zimizni tanqid qilganimiz yaxshi, lekin bu muammoning bir jihati, xolos. Obektiv sabablar ham bor. Biz istamayap­miz, kirill ketmayapti, bu rost. Ammo nega istamayapmiz? Bu savol jiddiy masalalar ustida bosh qotirishga majbur qiladi.

Men texnik va gumanitar mavzularda kitoblar chiqaradigan nashriyotda bosh muharrirman. Yangi alifboning barcha qulayligi-yu noqulayliklariga har kuni duch kelaman. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, lotinlashtirishning muvaffaqiyatsizligiga ikki asosiy sabab bor.
 
1-sabab. Amaldagi lotin alifbosi ko‘p noqulayliklarga ega.

Birinchi noqulaylik o‘ va g‘ harflari­ bilan bog‘liq. Bu harflarni klaviaturada alohida tugmachalarga bog‘lab qo‘yishning iloji yo‘q. Qolaversa, ‘ belgisi tutuq belgisi ’ bilan shaklan o‘xshash. Ularni ifodalash uchun biz klaviaturadagi bir necha (birvarakayiga 5 ta!) tugmalar kombinatsiyasidan foydalanamiz yoki matnni terib bo‘lgach, o‘ va g‘ harflarini­ «avtozamena» funksiyasi orqali umumiy almashtiramiz. Bu —  masalaning texnik jihati. Amalda esa, masalan, «to‘g‘ri» so‘zidagi ikki qo‘shimcha belgidan birining tushib qolishi ko‘p uchraydi (yo «to‘gri», yo «tog‘ri»), hatto savodli yozilgan matnlarda ham. Bu harflar matn terishda noqulaylik tug‘diradi.

Ikkinchi noqulaylik sh va ch harflari bilan bog‘liq: bu harflar ingliz yoki boshqa tillar uchun qulaydir (chunki ularda aksar so‘zlar qisqa, sh, ch harflarining bir so‘zda ikki marta ishlatilishi yoki o‘zakka shu harflar ishtirokida qo‘shimcha qo‘shilishi uchramaydi), ammo o‘zbek tilida bu harflar noqulaylik keltirib chiqarmoqda. Shu undoshlar bir necha marta ishtirok etgan qashshoq, cho‘chish, shishish, pashsha, ishchi, uchrashish kabi so‘zlar yozishga ham, o‘qishga ham noqulay. Shu sa­babli ijtimoiy tarmoqlarning ko‘pchilik foydalanuvchilari harflarni allaqachon w, 6, 4 kabilar bilan almashtirib olishgan. Qatordan qatorga ko‘chirganda esa kompyuter ikki belgini bir-biridan ajratib yuboradi.  Bu qo‘sh harflarning alifboga kiritilishi (e'tibor bering, ingliz alfavitida ular yo‘q, harf birikmalari sifatida alohida o‘rgatiladi) va alifbomizda yo‘q «s» harfi ishtirokida qo‘sh harfning yasalishi (ch) esa mantiqsizlikdan o‘zga narsa emas.

Uchinchi noqulaylik — «ts» tovushining hozirgi lotin alifbosida alohida harf bilan berilmagani. Biz «ts»ni o‘rniga qarab «ts» yoki «s» bilan ifodalaymiz. To‘g‘ri, «ts» turkiy tillar uchun yot tovush. Ammo til taraqqiyoti natijasida bu tovush ishtirokidagi internatsio­nal so‘zlar, terminlardan keng foydala­nayapmiz. Ko‘pchilik «ts»ni hamma o‘rinda «s» deb talaffuz etish va yozishni taklif qilayapti. Lekin shunday atamalar borki, «s» bilan yozilganda, omonim bo‘lib qoladi: sanga – sanga, seriy – seriy, sokol – sokol va hokazo. Bu aynan shunday matnlarni ko‘p yozadigan mutaxassislar, abituriyentlar va talabalar tomonidan ma'qullanmayapti.

To‘rtinchi noqulaylik «ye», «yo», «yu», «ya» kabi «yo»lashgan unlilar imlosi bilan bog‘liq. Shu paytgacha, masalan, qachon «yu» va qachon «u» yozilishi bu harflarning kelgan o‘rni va bajaradigan vazifasiga bog‘liq deb kelingan (Rahmatullayev Sh. O‘zbek tilining yangi alifbosi va imlosi. – Toshkent: Universitet, 1999). Lekin bu qarash ushbu harf birikmalarining imlosini murakkablashtirib yubordi. Natijada hatto imlo lug‘atlarida ham variativlik ko‘payib­ ketdi: sentabr – sentyabr, budjet – byujet, rejissor – rejissyor.

2-sabab. Kirill alifbosi cheklanmagan, u hamma joyda lotincha bilan teng ishlatilishi mumkin. Demak, undan voz kechmasa ham bo‘laveradi. Shunday ekan, kim boshini qotirib yangi alifboni o‘rganadi, unda o‘qish va yozishga o‘tadi?

Nima qilmoq kerak?


Xalq ertaklarini eslang: bosh qahramon oldidan uch yo‘l chiqadi – borsa kelar, borsa xatar va borsa kelmas. Biz ham ayni damda shunday uch yo‘l qarshisida qoldik:
— hech narsani o‘zgartirmaslik;
— lotin alifbosini isloh qilish;
— kirillchaga qaytish.

Hech narsani o‘zgartirmaslik tarafdorlari bir xatoni to‘g‘rilayman deb bir necha xatoga yo‘l qo‘yish mumkinligidan ogohlantiradilar. Kechuvda otni almashtir­maydilar degan gap bor. Hozir biz alifboni almashtiradigan bo‘lsak, yana qancha hujjatlar, kitoblar, darsligu qo‘llanma­lar – xullas, ancha narsalarni o‘zgartiri­shimiz kerak. Bu ko‘p xarajat, mehnatni talab qiladi, ayrim chalkashliklarga, hatto talafotlarga olib keladi. Qolaversa, jahon hamjamiyati oldida beburd bo‘lib qolishimiz ham mumkin. Axir bu alifbo va imlo borasida so‘nggi 100 yil ichida qilingan oltinchi islohot bo‘ladi. Bu hadiklarda jon bor. Lekin hozirgi ahvolimiz yaxshimi?

Biz bir botqoqda o‘tiribmiz: badbo‘y, xunuk bo‘lsa-da, o‘zimiz ko‘nikkan, iliqqi­na joy. Faqat botqoq baribir botqoq-da. Alifbomizda yozib bo‘lmaydi, u kirill­chaning o‘rnini bosolmaydi, uni siqib chiqara olmaydi. Bugun biz qilmasak, ertaga avlodlar, xullas, kimdir baribir ahvolni o‘zgartirishi kerak. Muammolardan qochib qutulib bo‘lmaydi, yagona yo‘l – ularni hal qilish.

Ikkinchi yo‘l – joriy alifboni isloh qilish. Bu bilan alifbo qulaylashadi, undan foydalanish istagi ortadi. Xo‘sh, qaysi jihatlarini isloh qilish kerak? Matn bilan ko‘p ishlaydigan odam sifatida bu borada quyidagi takliflarni kiritaman:

— o‘ va g‘ harflarini bir belgi bilan ifodalash;
— sh va ch uchun alifboda harf birikmasi emas, harf ajratish;
— ts tovushini «s» harfi bilan ifodalash;
— «yolashgan» unlilar (yo, ye, yu, ya)ni har doim «yo», «ye», «yu», «ya» tarzida qo‘llash;
— yangi imlo qoidalari asosida yagona imlo lug‘ati tuzish va faqat shu lug‘at aso­sida ishlash mexanizmini ishlab chiqish.

O‘zbek tili va adabiyoti universiteti yagona, ko‘p so‘zli imlo lug‘ati hamda ism­lar, joy nomlari lug‘atini tuzib, nashr­ga tavsiya etsa, respublikadagi barcha o‘quv muassasalari, nashriyotlar, tahririyatlar shu lug‘atlar asosida ishlasa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Mana shu islohotlar alifboni qulaylashtirishi va ommalashtirishi yo‘lida katta qadam bo‘ladi. Lekin shuning o‘zi bilan ish bitmaydi. Hozir bolalarga, maktab o‘quvchilariga, abituriyentlarga, talabalarga mo‘ljallangan kitoblar, darslik va qo‘llanmalar lotin alifbosida, keng omma uchun kitoblar esa kirill alifbosida chiqarilayapti. Chunki lotin alifbosi yetarlicha ommalashmagani, kirillda o‘qiydiganlar soni ko‘pligi sabab kirillcha kitoblarga talab yuqori, bozor shartlariga rioya qilib ishlaydigan nashriyotlar esa kitoblari yaxshi sotilishi uchun xaridor talabiga ko‘ra kirillcha kitoblarni nashr etishadi. Agar lotin alifbosida chop etiladigan kitoblarga iqtisodiy imtiyozlar yaratilsa va ularning tannarxi arzonlashsa, kirillcha kitoblar esa qimmatlashsa, tabiiyki, ko‘pchilik lotin alifbosidagi arzonroq kitobni oladi. Natijada bir o‘q bilan ikki quyon uriladi: noshirlar lotin alifbosida kitob chiqarishga rag‘batlantiriladi, aholi o‘rtasida esa bu alifboni o‘rganish jadallashadi. Bundan tashqari, oldimizga aniq muddat qo‘yishimiz kerak. Olaylik 3 yo 5 yildan so‘ng kirill alifbosining qo‘llanish doirasi cheklansa va bu doira muntazam toraytirib borilsa, albatta, odamlarda lotin alifbosini o‘rganishga rag‘bat paydo bo‘ladi. To‘g‘ri, bu jiddiy va inqilobiy yo‘l. Lekin lotinlashtirishni muvaffaqiyatli amalga oshirgan qardosh millatlar tajribasi bu usul samarali ekanini ko‘rsatib turibdi.

Kirillga qaytsak-chi?

Buni ham ko‘rib chiqish kerak. Nazarim­da, bu ham noto‘g‘ri yo‘l emas. Muvaffaqiyatsiz kechayotgan lotinlashtirish jarayoni­ bu ish avval boshdan to‘g‘ri bo‘lganmidi degan savolni keltirib chiqarishi tabiiy.­ Xo‘sh, kirill alifbosiga qaytsak, nima bo‘ladi? Shunday qilsak, biz tariximizni, ulkan ilmiy va adabiy merosimizni, xususan, tom-tom kitoblar, arxivlardagi gazeta-jurnallar, tarixiy hujjatlarga jo bo‘lgan katta ma'lumotlar ummonini saqlab qolamiz. Ularning barchasini lotinchaga o‘tkazishning imkoni yo‘q. Yana lotin alifbosini isloh qilish ketidan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlar, xavflar ham yo‘qqa chiqadi. Kirillcha tajribadan o‘tgan, tilimizga moslashgan alifbo. Kompyuter va smartfonlarda ham o‘zbek tili uchun moslashtirilgan kirill­cha «raskladka»lar ishlab chiqilgan, ya'ni zamonaviy texnologiyalar kirillcha-o‘zbekchani «taniydi», «o‘qiydi» va bu alifboda «yoza oladi». Hatto internet sarhadlarida ham kirillcha-o‘zbekcha o‘z o‘rnini egalladi, avvalgi texnik muammolar o‘z yechimini topdi. Biz kompyuter texnologiyalariga yaqin bo‘lamiz deb alifbomizni­ lotinchalashtirguncha, texnologiyalarning o‘zi kirillchamizga yaqinlashib oldi. Qolaver­sa, lotin alifbosini majburan singdirishga urinsak, ko‘pchilik rus tilida yozish va o‘qishga o‘tib ketishi mumkin. Axir hozir farzandini rus maktablariga berish urfda-ku. Ana shu aks natijani ham nazarda tutishimiz kerak. Bu – kirillchaning bizga beradigan imtiyozlari. Faqat bir muammo yuzaga keladi: shu paytgacha lotincha o‘rganib kelgan avlod-chi? U endi savodsiz bo‘lib qoladimi? Asosli hadik. Lekin yoshlarni o‘rgatish katta avlodni o‘rgatishdan osonroq ekani ham bor gap.

O‘zi nimaga lotinga o‘tgandik? Mustamlakachilarning alifbosida yozishni istamaganimiz uchun. Biroq 90-yillarning ehtirosi bugun so‘ndi-ku. Alifboni siyosatdan ajratib, unga bu qadar ulkan siyosiy ma'no yuklamasmiz balki?

Nima bo‘lganda ham, qo‘shalifbolik holatidan chiqib ketishimiz kerak. Bu masala bugun kun tartibida yanada dolzarb­ tus oldi. Bosh vazirning virtual qabulxo­nasi (hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxo­nasi)ga kelib tushgan murojaat tufayli jarayon jadallashdi. Hozir ahvol shundayki, kimdir mas'uliyatni bo‘yniga olishi va masalani bir yoqli qilishi kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmasi asosida O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida ishchi guruh tuzildi. Bu guruh mavjud ahvolni o‘rganib, lotin alifbosini isloh qilish bo‘yicha takliflarni taqdim etishi kerak.­ Ayni kunlarda guruh ishi jadal davom etmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda bu masala­ keng muhokamaga qo‘yilgan. Lekin bu bilan­ ish bitmaydi, muhokamada O‘zbekistonning har bir fuqarosi ishtirok etishi kerak. Shu sababli matbuot, bosma nashrlar ham masalani kengroq yoritishi va aholi fikrini o‘rganish bo‘yicha aniq ishlarni amalga oshirishi shart.


Shahnoza TO‘RAXO‘JAYeVA,
Adabiyotshunos

Manba: "Huquq va burch"

Mavzuga oid