Wrigley mojarolarni keltirib chiqargan Five saqichlarini savdodan qaytarib olmoqda
Wrigley kompaniyasi iste'molchilarning shubha-gumonlarini keltirib chiqargan Five saqichlarini savdodan qaytarib olishga qaror qildi. Savdoda juda kam miqdorda shu saqichdan qolgan, deb bayonot berdi Wrigley kompaniyasining Rossiyadagi korporativ aloqalar bo‘yicha rahbari Nadejda Lobacheva RIA Novosti agentligiga.
Avvalroq, Rossiyaning Saxalin, Krasnodar o‘lkasi, Orenburg viloyatlarida Wrigley kompaniyasi ishlab chiqqan "Five. Haqiqat yoki harakat" nomli saqichlarini qaytarib olish boshlangani xabar qilingan edi. Mazkur mahsulotlarda eng baland binoning tomiga chiqib, o‘limdan oldin nima qilish kerakligi haqida o‘ylashga chaqiriqlar bo‘lgan.
"Wrigley kompaniyasi "Haqiqat yoki harakat" aksiyasini, shu mahsulotlarni kompaniya fabrikasida ishlab chiqishni hamda mazkur kampaniya bo‘yicha reklama ishlarini to‘xtatishga qaror qildi. Bunga iste'molchilardan ilk murojaatlar tushgan vaqtda qaror qilingan. Biz bu mahsulotni savdodan qaytarib olyapmiz va ularni odatdagi mahsulotlar bilan almashtirayapmiz. Hozirda bu ish ham yakunlanib qoldi", — degan Lobacheva.
Uning izohlashicha, "Haqiqat yoki harakat" aksiyasi 2017 yil yanvarida boshlangan va 2 oyga mo‘ljallangan.
U, shuningdek, ushbu kampaniya vazifalari "Rossiyada paydo bo‘lgan tashvishli" o‘yinlardan avvalroq ishlab chiqilgani, ammo ayrim topshiriqlar iste'molchilar tomonidan boshqacha tushunilganini aytgan.
"Biz hech qachon Wrigley va uning mahsulotlari xavfli ishlarni targ‘ib qilishini yoki shunday ishlarni bajarishga chaqirishini xohlamaganmiz va rejalashtirmaganmiz", — degan Lobacheva.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda Rossiya va MDHning boshqa mamlakatlarida voyaga yetmaganlarni o‘z joniga qasd qilishga undovchi turli o‘yinlar avj olgan edi.