Light | 19:36 / 29.03.2017
64510
7 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun suv ichish muhim - 7 savolga 7 javob

So‘nggi paytlarda nimani qancha, qachon ichish kerakligi yoki ichmaslik kerakligi haqida ko‘p gapirilmoqda. "Layfxaker" suvning bizga nima uchun kerakligi va uni qanday qabul qilishga oid maqolasi bilan bo‘lishdi. Asosiy savollarga javob berishga Eden Springs kompaniyasi (idoralarni suv va qahva bilan ta'minlash bo‘yicha jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri) yordam berdi.

Organizmga suvning nima keragi bor?

Yashash uchun. Kattalar organizmida o‘rtacha 5 litr qon aylanadi. Qon plazmasi 92-95 foizga suvdan iborat. Qon suv tufayligina o‘z funksiyalarini to‘liq bajara oladi.

  • organlar hujayralariga ozuqaviy moddalarni yetkazish;
  • to‘qimalarga o‘pkadan kislorod yetkazish va ularga karbonat angidrid qaytarish;
  • ichki organlardagi qayta ishlangan moddalarni buyraklar orqali chiqarib tashlash;
  • gomeostaz bilan ta'minlash (ichki muhitning doimiyligi va muvozanati): harorat, suv-tuz muvozanati, gormonlar va fermentlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
  • organizmni himoyalash: qonda immunitetga mas'ul plazmalarning leykotsit va oqsillari aylanadi.

Agar organizmga suv yetishmasa, qon massasi kamayadi, uning yopishqoqligi yo‘qoladi. Bunday qon esa yurak faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Yurak mushaklari muddatidan avval eskiradi, bu xavfli yurak kasalliklariga sabab bo‘ladi.

Aynan shuning uchun sport bilan faol shug‘ullanganda va organizmga katta og‘irlik tushganda ko‘proq suv ichish kerak bo‘ladi.

Suv yetishmasligidan bosh og‘rishi to‘g‘rimi?

To‘g‘ri. Miya faoliyati hattoki yengil suv yetishmasligidan ham yomonlashadi.

Miya hujayralarining 80 foizdan ortig‘i suvdan iborat, uni qonning beshinchi qismi yuvib turadi. Boz ustiga u orqa miya suyuqligida "cho‘miladi".

Miyaga suv bilan birga asab tizimi faoliyati uchun zarur bo‘lgan kislorod va glyukoza ham kelib tushadi. Suv miyadan moddalar almashinuvi mahsulotlari va toksinlarni chiqarib tashlaydi.

Shu bois suyuqlik yetishmagan taqdirda, miya degidratatsiyasi boshlanadi. U bilan birga esa:

  • ko‘p charchash va parishonxotirlik;
  • xotiraning yomonlashuvi;
  • matematik hisob-kitoblarni bajarish tezligining pasayishi;
  • salbiy his-tuyg‘ular.

Degidratatsiya autizm, Parkinson va Altsgeymer kasalliklaridan aziyat chekuvchi kishilarda aniqlangan. O‘quv yili davomida ko‘p suv ichgan o‘quvchilarda esa darslarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori ekanligi qayd etilgan.

Kam suv ichilsa, nima bo‘ladi?

Inson o‘zini yomon his qila boshlaydi. Bosh og‘rig‘idan tashqari, ovqat hazm qilish va  peshob tizimida boshqa yoqimsiz belgilar ham paydo bo‘ladi.

Oshqozon va ichak suvsiz faoliyat yurita olmaydi va buning sabablari ko‘p. Suv ovqatning normal hazm bo‘lishi va ozuqaviy moddalarning ichakka so‘rilishini ta'minlaydi. Agar organizmda suv kam bo‘lsa, qorin sohasida yoqimsiz hissiyotlar va qabziyat yuzaga keladi.

Buyraklar 1,5 litr peshob chiqishi uchun bir sutkada 150-170 litr qonni filtrlaydi. Demak, toksinlar va qayta ishlangan moddalarni normal chiqarish uchun  kuniga kamida 1,5 litr suv ichish kerak, lekin undan ko‘proq ichilsa, maqsadga yanada muvofiq bo‘ladi.

Suyuqlik yetishmovchiligida buyraklarning filtrlash xususiyati yomonlashadi, ularning o‘zida esa zaharli moddalar ko‘payadi. Bu fonda turli buyrak patalogiyalari yuzaga kelishi mumkin. Bunda shifokorning eng asosiy ko‘rsatmalaridan biri ularni tozalash va funksiyalarini tiklash uchun ko‘p miqdorda suyuqlik ichish.

Qachon suvni keragidan ko‘proq ichish kerak?

Farzandli bo‘lishni rejalashtirayotganda. Urug‘ suyuqligi asosini suv tashkil qiladi.

Yangi organizm butun 9 oyni suvli muhitda o‘tkazadi. Suv homilani qo‘llab-quvvatlaydi, uni infeksiyalardan himoyalaydi, uning o‘sishi va rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

Tug‘uruq jarayonida suv bachadonga yordam beradi va bolaning tug‘ilish jarayonida uning xavfsiz harakatlanishini ta'minlaydi.

Men suv kam ichaman. Buning qanday salbiy ta'siri bor?

Keksayganda ko‘rinishingiz yomonlashishi mumkin. 

O‘z davrida Ibn Sino "Keksalik - bu qurish" degan ekan. Teri o‘zining himoyalash vazifasini bajarishi uchun u turgon (elastiklik va taranglik)ni saqlab qolishi kerak. Shunda u qaynoq quyosh, shamol va past haroratga qarshilik qila oladi.

Sog‘lom teri 25 foizga suvdan tashkil topgan bo‘lib, u suvsizlikdan ajinlar bilan qoplanadi. Demak, uning turgorini saqlab qolish uchun har kuni kerakli miqdorda (kamida 2 litr) suv ichishni unutmaslik kerak. Yaxshisi, toza, kam mineralli va gazsiz suv ichgan ma'qul.

Suv yetishmovchiligi yana qanday salbiy natijalarga olib keladi?

Hatto bo‘g‘imlarga ham suv kerak. Agar ular qattiq bo‘lsa, inson erkin harakatlanish xususiyatini yo‘qotadi: harakatlanishga qiynaladi va ishlarni zo‘rg‘a bajaradi. Statistikaga ko‘ra, aholining 30 foizida bo‘g‘imlar bilan bog‘liq kasalliklar mavjud.

Bo‘g‘imlar tog‘ay to‘qimalar bilan qoplangan. Aynan elastik tog‘ay suyak bo‘g‘imlarining harakatchanligini ta'minlaydi. Suv tog‘ayning 80 foizini tashkil qiladi. Suv yetishmaganda uning faoliyati buzilib, organizmda kuchli og‘riq turadi.

Ko‘p suyuqlik ichishni xohlamasam, nima qilish kerak?

Ish bilan bo‘lib ko‘pincha nima ichgimiz kelayotganini ham sezmay qolamiz va hatto chanqoqni ochlik bilan adashtiramiz.

Suvsizlik va uning asoratlarini bartaraf etishning eng yaxshi usuli - stolga toza kam mineralli suvni qo‘yib qo‘yish va har ko‘z tushganda undan bir qultum ichish.

Chanqoqni his qilishingiz bilanoq suyuqlik iching. Bir qultum toza suv hali hech kimga ortiqchalik qilmagan.

Mavzuga oid