Fan-texnika | 13:58 / 30.03.2017
3712
2 daqiqa o‘qiladi

«Oskar» marosimida konvertlarni taqdim etuvchilar smartfonlardan foydalana olmaydi

«Oskar» tanlovi g‘oliblarini aniqlash bo‘yicha ovozlarni sanash bilan shug‘ullanuvchi PriceWaterhouseCoopers kompaniyasi xodimlariga smartfonlardan foydalanish taqiqlandi. Ular bo‘lg‘usi marosimlarda mobil qurilmalarini ish joyiga olib kira olmaydi. Bundan tashqari, g‘oliblar ismi-sharifi solingan konvertlarga avval bo‘lganidek 2 kishi emas, 3 kishi mas'ul bo‘ladi, deb yozmoqda Variety nashri.

Garchi, Amerika kinoakademiyasi PriceWaterhouseCoopers xizmatidan voz kechmagan bo‘lsa-da, kompaniya «Oskar-2017» marosimidagi xato boshqa takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rishga qaror qildi. 

Ovozlarni sanovchi va g‘oliblar nomi solingan konvertlarni 3 kishi taqdim etadi, bunda ulardan biri g‘olib nomida xabardor bo‘ladi. U boshlovchini kutilmagan holat yuz bersa, ogohlantiradi. Shu bilan birga, PWC xodimlarining hech biri marosim yakunlanguncha, har qanday gadjyetdan foydalana olmaydi. 

27 fevral kuni «Oskar» mukofotini topshirish marosimi chog‘ida boshlovchilar «La-La-Lend» filmini bosh mukofot sohibi deb e'lon qilgan, biroq sahnaga chiqqan jamoa «Oy shu'lasi» (Moonlight) filmin g‘olib deb e'lon qilgan edi. Bu voqea matbuotda anjuman tarixidagi eng jiddiy anglashilmovchilik deb baholangan edi. 

Mart oyi boshlarida ichki surishtiruv chog‘ida ma'lum bo‘lishicha, PriceWaterhouseCoopers xodimi Brayan Kallinan ushbu hodisa aybdoridir. U Emma Stounni sahna ortida suratga tushirishga hamda Twitter sahifasiga joylashtirishga shoshgan. Ehtimol, aynan u konvertlar o‘rnini almashtirib yuborgan. 2 mart kuni PWC  Kallinan va uning hamkasbi Marta Ruiz kelgusi marosimlardan chetlatilganini bildirgan edi. 

Mavzuga oid